Ramzan Qodirov Checheniston rahbarligidan ketsa, qayerdan ish topishi mumkinligi aytildi
Checheniston rahbari Ramzan Qodirov lavozimini tark etsa, Rossiya gvardiyasida rahbarlik lavozimini egallashi mumkin. Bu haqda “Meduza” RF Prezidenti ma’muriyatiga yaqin manbasiga tayanib, xabar berdi.
Ramzan Qodirov 2007 yildan beri Chechenistonni boshqarib keladi va o‘z lavozimini haqiqatan ham Rossiya boshqa viloyatlarining rahbarlaridan ko‘ra ko‘proq vaqt davomida saqlab qolmoqda. U 2021 yil sentyabrida yangi besh yillik muddatga qayta saylangan.
Qodirov bir necha bor iste’foga chiqishi mumkinligi haqida gapirib, Rossiya Federatsiyasi rahbariyatining o‘z lavozimiga oid har qanday qaroriga rozi bo‘lishini ta’kidlagan.
“Mening vaqtim allaqachon o‘tdi. Insonning chegarasi bor”, degandi u 2016 yil boshida. O‘sha yil kuzda esa u Checheniston rahbari saylovida qatnashib, g‘alaba qozongan.
2017 yilda Qodirov iste’foga chiqish uning “orzusi” ekanligini aytgan.
“Bir paytlar men kabi odamlar jang qilish, tartibni tiklash uchun kerak edi. Va bugun bizda jamiyatda, Rossiyada tartib, hurmat, tushunish bor”, degan u.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 3 sentyabr kuni Ramzan Qodirov lavozimida ko‘p vaqt qolib ketganini, cheksiz va uzoq ta’tilga munosibligini aytib chiqdi.
Ma’lumot uchun, Ramzan Qodirov general-leytenant unvoniga ega. Joriy yilning 29 mart kuni Prezident Vladimir Putin uning harbiy unvonini oshirgandi.