Shavkat Mirziyoev Islom Karimov qabrini ziyorat qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev bugun, 27 avgust kuni Samarqand viloyatiga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Shavkat Mirziyoev Samarqandga tashrifini O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qilishdan boshladi. Shavkat Mirziyoev Islom Abdug‘anievich Karimov qabriga gul qo‘yib, hurmat bajo keltirdi. Qur’on tilovat qilinib o‘tganlar xotirasi yod etildi.
Davlat rahbari O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbarasida olib borilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi. Ma’lumki, ushbu majmuada Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan juda katta hajmdagi qurilish, hududni obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Davlat rahbarining ko‘rsatmalari asosida majmua loyihasi takomillashtirilib, maqbara granit va marmar bilan qoplandi. Maqbara peshtoqi va unga tutash ayvon milliy naqshlar asosida bezatilib, unga Qur’oni Karim oyatlari bilan birga Islom Karimovning hikmatli so‘zlari bitildi.
Prezident majmuada olib borilayotgan ishlarni mantiqiy yakuniga yetkazish, ziyoratchilarga tegishli sharoitlar yaratish, unga yondosh qabristonni obod qilish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.