Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O`zbekiston prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoev 24 noyabr kuni Toshkent saylovchilari bilan uchrashdi.
O`z chiqishini mamlakat birinchi Prezidenti Islom Karimovning hayotdan ko`z yumishi butun O`zbekiston xalqi uchun katta yo`qotish bo`lgani to`g`risidagi so`zlar bilan boshlagan Shavkat Mirziyoev uning Vatan va xalq oldidagi tarixiy xizmatlari hamisha yodga olinishi, bu — “barchamiz uchun ham qarz, ham farz” ekanini ta`kidlab o`tdi. Nutq “Toshkent oqshomi” gazetasida chop etildi.
Bu ulug` inson xotirasini abadiylashtirish uchun nomzod vatandoshlarning ko`p sonli murojaatlari asosida Toshkent shahri markazida ulkan maydon barpo etib, unga Islom Karimovning ulug`vor haykalini o`rnatishni taklif qildi.
Bo`lg`usi saylov to`g`risida so`zlar ekan, Shavkat Mirziyoev unda mamlakat xalqi erkin ovoz berish, o`z xohish-irodasini erkin bildirish orqali o`zining ertangi kuni, mamlakatimizning kelgusi rivojlanish yo`lini yana bir bor aniqlab, tasdiqlab olishini aytib o`tdi.
Prezidentlikka nomzod toshkentliklarning madaniyat, san`at, ilm-fan, sport, ta`lim, sog`liqni saqlash va boshqa sohalar rivojiga qo`shgan ulkan hissasini qayd etib o`tdi. U Toshkentni ilm-fan va madaniyat, ma`rifat va ma`naviyatning yirik markazi, yoshlar va talabalar shahri deb atadi. O`zining ham ilm-fan sohasiga daxldor inson ekanini aytib o`tgan Shavkat Mirziyoev olim zotining mehnati mashaqqatli ekanini yaxshi bilishini ta`kidlab o`tdi. Olimlarni jamiyatni olg`a etaklaydigan fidoyi insonlar deb hisoblashini qayd etarkan, o`z dasturida intellektual soha ahlining mehnatini qadrlash, ularning izlanishlarini ro`yobga chiqarish uchun zarur sharoit yaratib berish masalasi etakchi o`rin egallashini ma`lum qildi.
«Mana, qirq yildirki, mening hayotim va faoliyatim jonajon Toshkent shahri bilan bog`liq holda kechmoqda. Ayni shu azim shaharda oliy ta`lim oldim, tuz-nasiba topib, oilali bo`ldim, farzandlar, nabiralar ko`rdim, ming-minglab do`stu birodarlar, maslakdoshlar orttirdim», — dedi Mirziyoev. — «Go`zal poytaxtimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan ulkan ishlarda mening ham kamtarin hissam borligidan hamisha faxrlanib yuraman», — qo`shimcha qildi u.
Nomzod o`z nuqtida Toshkentda hal etilishi lozim bo`lgan qator muammolar echimiga ham e`tibor qaratdi. Uning so`zlariga ko`ra, shaharni rivojlantirish bo`yicha besh yillik dasturishlab chiqilgan bo`lib, unda munosib ish haqiga ega yangi ish o`rinlarini yaratish, shuningdek, tadbirkorlar uchun imkoniyatlarni kengaytirishga alohida e`tibor qaratilganini ta`kidlab o`tdi. «Odamlar biznes bilan shug`ullanishdan manfaatdor bo`lishi zarur. Tadbirkor va xalq boy bo`lsa — mamlakat ham boy bo`ladi», — dedi Shavkat Mirziyoev.
Nomzod Toshkent shahrining eski shahar qismidagi Zarqaynar mahallasi ko`chalarida «Eski Toshkent» nomli tarixiy-madaniy va dam olish markazini tashkil etish rejasi haqida ma`lum qildi. Kelgusi yildan tadbirkorlar va tijorat banklarining jami 1 milliard dollargacha bo`lgan mablag`lari hisobiga «O`qchi Olmazor» massivida umumiy maydoni 70 gektar bo`lgan «Toshkent Siti» ishbilarmonlik hududini bosqichma-bosqich qurilishi boshlanishini aytib o`tdi.
Innovasion tadbirkorlikni rivojlantirish uchun sharoitlar yaratish maqsadida Yashnobod va Olmazor tumanlarida kichik biznesning innovasion texnoparklari tashkil etiladi va qiymati 102 milliard so`m bo`lgan 285 ta innovasion loyiha amalga oshiriladi.
Bektemir tumanida yiliga 1500 ta yuk tashish vagonlarini qayta ta`mirlash, Sirg`ali tumanida «Grin Vorld» qo`shma korxonasida qadoqlangan meva sharbatlari ishlab chiqarish, Mirobod tumanida «Nano Medik» korxonasida dori vositalarini ishlab chiqarish tashkil etish, Shayxontohur tumanida «Nur invest texnologiya» korxonasida energiya tejaydigan lampalar ishlab chiqarish kabi loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilayotgani aytib o`tildi.
«Bizning eng muhim vazifamiz — odamlarning bunyodkorona mehnati, hayot ta`minoti va dam olishi uchun qulay va munosib shart-sharoitlar yaratishdan iborat», — dedi prezidentlikka nomzod.
Shaharning bosh rejasiga asosan, aholining turmush sharoitini yaxshilash maqsadida, 290 ming odam yoki 86 ming oila uchun umumiy hajmi 8 million kvadrat metrdan ortiq bo`lgan yangi ko`p qavatli uylar barpo etiladi. Bu jarayon nafaqat moddiy jihatdan etarlicha ta`minlangan odamlar, balki aholining o`rta toifasi uchun ham mo`ljallanishi zarur, dedi Shavkat Mirziyoev.
Poytaxtda 76 mingga yaqin xonadon 60 yil avval qurilgan va yashash uchun xatarli bo`lgan eski uylarda hayot kechirayotgani bois bu boradagi muammoni hal etishga qaratilgan dasturni amalga oshirish bo`yicha, ya`ni 7 va 9 qavatli, ko`p xonadonli arzon uy-joylar qurish to`g`risida qaror qabul qilindi. Daromadi yuqori bo`lmagan, shuningdek, eski uylarda yashayotgan oilalar imtiyozli ipoteka kreditlari va soliq imtiyozlari asosida bunday uylardan kvartira xarid qilish imkoniyatiga ega bo`ladi.
Bundan tashqari, yaqin 5 yil ichida shaharning hir bir tumanida 20 tadan, jami 200 ta ko`p qavatli uy barpo etiladi.
TJKX sohasidagi muammolarga to`xtalgan Shavkat Mirziyoev ko`p qavatli uylarni ta`mirlash va ular hududini obodonlashtirish ishlarini samarali yo`lga qo`yish uchun 2017−2021 yillarga mo`ljallangan reja ishlab chiqish zarurligini ta`kidladi. Uning ma`lum qilishicha, mazkur dasturda belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun Markaziy bank, respublika tijorat banklari tomonidan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga yiliga 200 milliard so`m miqdorida imtiyozli kredit ajratish ko`zda tutilmoqda.
Shuningdek, faoliyat ko`rsatayotgan 2375 ta uy-joy mulkdorlari shirkatini kelgusi 5 yilda barcha soliq va majburiy to`lovlardan ozod qilish, bundan tashqari, 1 ming 435 ta uyning 678 tasida liftlarni almashtirish, 2 ming 300 tasida tom qismlari va 5 ming 100 tasida podvallar kapital ta`mirlash rejalashtirilmoqda.
Shahar aholisini toza ichimlik suvi va suv oqova xizmatlari bilan ta`minlash darajasini oshirish maqsadida kelgusi 5 yilda 400 dan ziyod mavze va mahallalarda 318 kilometr uzunlikda ichimlik suvi hamda 450 kilometr oqova suvi tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta`mirlash, 172 ta suv nasosini almashtirish lozimligi ta`kidlandi.
Shuningdek, kelgusi 5 yilda past kuchlanishdagi elektr tarmoqlarini va transformator punktlarini rekonstruksiya qilish uchun 480 mlrd so`m miqdoridagi 33 ta loyihani amalga oshirish mo`ljallanayotgani ma`lum qilindi.
Shahar miqyosida yaqin 5 yil ichida mavzelar va mahallalarni obodonlashtirish yuzasidan 395 mlrd so`m mablag` hisobidan 284 km ichki yo`llar yangilanadi, aholi madaniy dam oladigan bog` va xiyobonlar tashkil etiladi, irrigasiya tizimlari rekonstruksiya qilinadi. Shu bilan birga, keng miqyosda ko`kalamzorlashtirish ishlari amalga oshiriladi.
Jamoat transporti masalasiga diqqat qaratgan Shavkat Mirziyoev shaharda serqatnov, tirband hududlar bo`yicha 80 ta yangi avtobus yo`nalishi tashkil etilishini ma`lum qildi. Shu bilan birga, har yili katta va o`rta sig`imdagi 100 ta avtobus xarid qilinishi, bu maqsadlarga mahalliy byudjet hisobidan 335 milliard so`m mablag` yo`naltirilishi ta`kidlandi.
Toshkent metrosi qurilishini davom ettirish yuzasidan 2017−2020 yillarda umumiy qiymati 295 million dollar davlat byudjeti, O`zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg`armasi hisobidan uzunligi 10 kilometrdan iborat 8 ta stansiyani o`z ichiga olgan 2 ta loyihani ishlab chiqish ta`minlanadi.
Shaharning halqa yo`li bo`ylab uzunligi 66,3 kilometr bo`lgan temir yo`l transport vositasini — ya`ni, elektrichka harakatini yo`lga qo`yish bilan bog`liq loyiha amalga oshiriladi. Bu loyihani 2017−2030 yillarda amalga oshirish uchun davlat byudjeti va mahalliy byudjetlar hisobidan 189 million dollar mablag` yo`naltiriladi.
Toshkent shahri aeroportida 2019−2020 yillarda yangi xalqaro terminal qurilishi amalga oshiriladi. Buning uchun davlat byudjeti, O`zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg`armasi hisobidan 336 million dollar mablag` yo`naltiriladi.
Engil avtomobil haydovchilariga qulaylik yaratish maqsadida shaharning Mirzo Ulug`bek, Sirg`ali va Yashnobod tumanlarida 4 ta ko`p qavatli avtogarajlarni qurish ishlari boshlab yuborildi. Shunday garajlarni barpo etish maqsadida kelgusi 5 yilda yana 84 ta loyiha amalga oshiriladi.
Yo`l infratuzilmasi masalariga diqqat qaratgan Shavkat Mirziyoev istiqbolda transport kommunikasiya tarmoqlari, chorrahalarni takomillashtirish, yo`llarni qurish va rekonstruksiya qilishning puxta o`ylangan strategiyasini belgilash bilan bog`liq maxsus Hukumat qarori tayyorlanishi kerak, deb ta`kidlab o`tdi. Uning so`zlariga ko`ra, shaharda 12 ta yangi ko`prik quriladi, umumiy foydalanishdagi 68 kilometrdan ortiq yo`l quriladi va rekonstruksiya qilinadi.
Nomzod poytaxtda axborot-kommunikasion texnologiyalarni rivojlantirishiga alohida e`tibor qaratdi. U internet tarmoqlari hayotning barcha yo`nalishlarida keng o`rin egallayotganini tan oldi. Shavkat Mirziyoevning so`zlariga ko`ra, yangi quriladigan uylar esa bundan-buyon har bir xonadonga keng polosali internet tarmoqlari o`tkazilgan holda foydalanishga topshiriladi. «Elektron hukumat"ni tashkil etish dasturi doirasida biznes va aholiga elektron tizimlar, shuningdek, «yagona darcha» tizimi orqali barcha davlat xizmatlarini ko`rsatish yo`lga qo`yiladi.
Shavkat Mirziyoev O`zbekiston IIV va poytaxt IIBB tuzilmasiga o`zgartirishlar kiritish to`g`risida so`zlar ekan, profilaktika inspektorlari institutini kuchaytirish, ularga xizmat kvartiralari va avtomobil sotib olishi uchun uzoq muddatlik kreditlar ajratilishini ma`lum qildi.
Aholining tinch-osuda hayotini ta`minlash birinchi navbatda yoshlarning ta`lim-tarbiyasiga, dunyoqarashiga va azaliy urf-odatlarni asrab-avaylashga bog`liq ekani, biroq keyingi paytda poytaxtda voyaga etmagan yoshlar o`rtasida jinoyatchilikning ko`payib borayotganijiddiy tashvish uyg`otayotganini ma`lum qildi. Joriy yilning 10 oyida Toshkent shahrida voyaga etmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni oshgan, xususan, qasddan odam o`ldirish 3 foizga, zo`ravonlik 4 foizga, boshqa toifadagi jinoyatlar esa 9 foizga ko`paygan.
«Bunday salbiy holatlarning ortib borishi yoshlar bilan ishlash bo`yicha mutlaqo yangi tizim yaratishni taqozo etmoqda, — qayd etdi Shavkat Mirziyoev. Hokimliklarda yoshlar bilan ishlashga mas`ul bo`lgan hokim o`rinbosari lavozimini joriy etiladi. Tuman IIBlarda esa yoshlar bilan ishlash bo`yicha maxsus o`rinbosar lavozimi kiritilib, ular «Kamolot» YoIH faollari bilan hamkorlikda ishlash, bolalar va o`smirlar o`rtasida jinoyatchilikning oldini olish uchun javob beradi. Buning uchun «Kamolot» YoIHni moliyaviy qo`llab-quvvatlash yuzasidan hukumatning tegishli qarorini tayyorlash ko`zda tutilmoqda.
Shuningdek, Talabalar shaharchasi va OTMlar turar-joylarida madaniy dam olish markazlarini tashkil etilib, ulardan bepul foydalanish yo`lga qo`yiladi.
Nomzod yoshlarning ta`lim-tarbiyasi xaqida gapirib, ularning kitobga mehri pasayib, bolalar ko`p vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda o`tkazayotganini alohida ta`kidlab o`tdi. «Meni to`g`ri tushunishlaringizni istayman, men internetga qarshi emasman. Bugungi kunda axborot tarqatish, axborot almashishning tezligi va mukammalligi bo`yicha internetning o`rnini bosadigan boshqa vosita yo`qligini albatta yaxshi bilaman. Ammo farzandlarimizning ongi, dunyoqarashi asrlar davomida sinovdan o`tgan, yuksak ma`naviyat manbai bo`lgan jahon va milliy adabiyotimiz asosida emas, balki biz uchun yot bo`lgan g`oyalarni yoshlarimiz ongiga singdirayotgan zararli axborotlar asosida shakllanishiga men mutlaqo qarshiman», — dedi Shavkat Mirziyoev.
Bolalar bog`chalari, maktablar, kollej va liseylar, oliy o`quv yurtlarida o`quv jarayoni, ta`lim va tarbiya usullarini qayta ko`rib chiqish zarurligi ham e`tibordan chetda qolmadi.
«Eng muhimi, farzandlarimizda yoshlik chog`idan boshlab kitobga mehr qo`yish, mustaqil fikr yuritish, murakkab hayotiy vaziyatlarda to`g`ri javob topish ko`nikmasini shakllantirishimiz, buning uchun tegishli tashkiliy ishlarni amalga oshirishimiz darkor», — qayd etdi u.
Shavkat Mirziyoev so`zlariga ko`ra, poytaxtdagi 27 ta madaniyat uyi to`liq ta`mirlanadiva ularning har birida boy kutubxona fondiga ega bo`lgan shinam o`quv zallari tashkil etiladi. Bundan tashqari, har bir tumanda bittadan barcha qulayliklarga ega bo`lgan zamonaviy yangi kitob do`konlari barpo etiladi.
Maktabgacha ta`lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo`yicha maxsus dasturning qabul qilinishi ham tilga olindi. Jumladan, kelgusi besh yilda Toshkent shahrida 45 ta yangi bolalar bog`chasi barpo etiladi.
Maktablardagi ahvol haqida gapirgan Shavkat Mirziyoev maktablarning o`quvchilar uyidan uzoqligi, bir qator maktablarda esa sinfdagi o`quvchilar soni haddan tashqari ko`pligini aytib o`tdi. Bunday holatni bartaraf etish uchun kelgusi yili Bektemir tumanida 1 ta va Olmazor tumanida 2 ta yangi maktab barpo etiladi. O`quvchilar soni ko`p bo`lgan 5 ta maktabga qo`shimcha yangi o`quv binolari quriladi. Shuningdek, 21 ta maktab to`liq ta`mirlanadi. 14 ta kasb-hunar kolleji ham kapital ta`mirlanadi.
Shavkat Mirziyoev fizika, matematika, kimyo, biologiya, informatika va kompyuter texnologiyasi kabi fanlar bo`yicha ixtisoslashtirilgan maktablarni ko`paytirishni taklif etdi. Uning so`zlariga ko`ra, mazkur fanlar ilmiy-texnik taraqqiyot bo`yicha mamlakat kelajagini belgilab beradi.
Nomzodning fikricha, har bir akademik lisey tegishli oliy o`quv yurtiga biriktirilishi va ularga faqat iqtidorli bolalar qabul qilinishi lozim. Akademik liseylarda darslar imkoni boricha OTM domlalari tomonidan o`tilishi lozim. «Bir so`z bilan aytganda, ta`lim sifati va yana bir bor ta`lim sifati akademik liseylar faoliyatining asosiy mezoni bo`lishi darkor,» — dedi u.
Shavkat Mirziyoev Toshkentda deyarli barcha ta`lim yo`nalishlari bo`yicha yirik OTMlar bo`lishiga qaramasdan, ularning aksariyatida ta`lim sifati xalqaro mezonlarga va real iqtisodiyot talablariga javob bermasligini ta`kidlab o`tdi. Shu bois ham ishlab chiqarishda ish boshlagan ko`pgina bitiruvchilarni aksariyat hollarda qayta o`qitishga to`g`ri kelmoqda. Yuzaga kelgan vaziyatni inobatga olib, oliy ta`lim sohasini tubdan takomillashtirish bo`yicha maxsus dastur yakuniga etkazilmoqda. Dasturga binoan ta`lim standartlarini xalqaro andozalarga moslashtirish, o`quv dasturlari va rejalarini takomillashtirish, darsliklarning yangi avlodini yaratish, jumladan, dunyoning etakchi universitetlarida qo`llanilayotgan darsliklarni o`zbek tiliga tarjima qilish va eng asosiysi, professor-o`qituvchilarni qayta tayyorlash yuzasidan aniq chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Shu bilan birga, oliy ta`lim muassasalarining bino va inshootlarini qayta qurish va ularni laboratoriya uskunalari bilan jihozlashga har yili Davlat byudjetidan 400 milliard so`m mablag` ajratiladi.
Ilm-fan va ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish masalalariga alohida to`xtalib o`tgan nomzod O`zbekiston Fanlar akademiyasini saqlab qolish, ilmiy tadqiqotlarni davlat tomonidan boshqarish va muvofiqlashtirish bo`yicha etakchi markaz bo`lishi kerakligini ma`lum qildi. U FAga yosh olimlarni keng jalb etish, ularni moddiy va ma`naviy qo`llab-quvvatlashni kuchaytirish, ilmiy muassasalar bilan oliy o`quv yurtlari o`rtasida yaqin hamkorlik aloqalarini o`rnatish lozimligini ta`kidlab o`tdi. Mazkur jarayonni tezlashtirish va ilmiy laboratoriyalarni zamonaviy jihozlash uchun har yili 10 million dollarga yaqin mablag` ajratish ko`zda tutilmoqda. Buning uchun maxsus jamg`arma ham tuziladi.
Shavkat Mirziyoev ilmiy tadqiqot natijalarini hayotga tatbiq etish katta muammolardan biri bo`lib qolayotganini qayd etib o`tdi. Shu maqsadda poytaxtning Akademiklar shaharchasida «erkin iqtisodiy hudud» maqomiga ega bo`lgan innovasiya markazini tashkil etish ko`zda tutilganini ma`lum qildi.
Nomzod o`z so`zi davomida kasalxonalar, tug`ruqxonalar, bolalar shifoxonalari va oilaviy poliklinikalarga yanada ko`proq e`tibor qaratish lozimligini ta`kidlab, shahar aholisiga xizmat ko`rsatadigan tibbiyot muassasalarini qayta qurish va ta`mirlashga Davlat byudjetidan keyingi 5 yilda 300 milliard so`m ajratilishini aytdi. Uning so`zlariga ko`ra, kelgusi besh yilda shahardagi 18 ta bolalar shifoxonasi va ko`p tarmoqli poliklinikalar, 22 ta oilaviy poliklinika kapital ta`mirlanadi. Shuningdek, Yakkasaroy, Yunusobod, Uchtepa, Shayxontohur va Olmazor tumanlarida 25 ta oilaviy poliklinika yangitdan quriladi va rekonstruksiya qilinadi.
Yoshlarning sport bilan ommaviy ravishda shug`ullanishlari uchun yanada keng imkoniyat yaratish maqsadida shaharda yangi yopiq basseyn va universal sport zallari qurib beriladi. O`qchi mahallasida Muz saroyi quriladi.
Shavkat Mirziyoev ijodiy kasb egalarini qo`llab-quvvatlashga va`da berar ekan, ularni o`z kasbiga, ona Vatanimiz, xalqimizga juda sodiq insonlar deb atadi. Ular ish sharoiti yoki moddiy ahvoli haqida hech qachon shikoyat qilmasligini ta`kidlab o`tdi. Nomzod ularning ishi qanchalik og`irligini yaxshi bilishini ta`kidlab, ijod ahlining mehnatini rag`batlantirishga etarlicha e`tibor berilmaganini ham tan oldi.
Poytaxt aholisi tomonidan shaharda madaniyat va istirohat bog`lari etarli emasligihaqida ko`plab e`tirozlar bildirilmoqda, davom ettirdi nomzod. «Ochiq tan olishimiz kerakki, biz bu masalada poytaxtimiz aholisi va mehmonlari, ayniqsa, yoshlarimiz oldida qarzdormiz», — dedi. Uning ta`kidlashicha, bu boradagi ishlarni yaxshilash maqsadida maxsus dastur ishlab chiqildi. Unga ko`ra, 2017 yilda Toshkent shahrida 8 ta yangi madaniyat va istirohat bog`i barpo etiladi. Ularni joylashtirish uchun Mirzo Ulug`bek, Mirobod, Uchtepa, Sirg`ali, Chilonzor, Shayxontohur va Yashnobod tumanlarida tegishli er maydonlari ajratib qo`yildi.
Bundan tashqari, Bektemir tumanida, Chirchiq daryosi qirg`og`ida 70 gektar maydonda umumiy qiymati 80 million dollar bo`lgan, dunyodagi eng mashhur «Disneylend» parklaridan qolishmaydigan Markaziy Osiyodagi eng katta zamonaviy attraksionlar bog`i quriladi. Hozirgi paytda mazkur loyihani amalga oshirish yuzasidan Evropaning etakchi park operatorlari bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Keksa avlodni qo`llab-quvvatlash maqsadida Toshkent shahrida yashaydigan barcha pensionerlarga Toshkent metropoliteni xizmatlaridan har kuni ertalab soat 10 dan kechqurun 16 gacha bepul foydalanish huquqi beriladi
Tashqi siyosat sohasida Shavkat Mirziyoev O`zbekistonning birinchi Prezidenti tomonidan ishlab chiqilgan prinsip va yondashuvlarga to`liq amal qilish — tinchlikparvarlik, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, yuzaga keladigan ziddiyat va qarama-qarshiliklarni faqat tinch, siyosiy yo`l bilan hal etish, barcha xorijiy davlatlar va jahon hamjamiyati, birinchi navbatda qo`shni davlatlar bilan amaliy hamkorlik qilish yo`lidavom ettirilishini ta`kidladi.
«Biz qo`shnilarimiz bilan raqobat qilish emas, aksincha, hamkorlik qilish yo`lini izchil davom ettiramiz», — dedi prezidentlikka nomzod.
Shavkat Mirziyoev odamlar orasida yashash, ularning dardiga quloq solish, aholining ehtiyojlari va qonuniy talablarini amalga oshirish uchun tezkor choralar ko`rish — har bir rahbarning asosiy vazifasi ekanini eslatib o`tdi.
|