Rahmatilla Mirzaevning o‘limiga uning o‘g‘li aloqador ekanligi aniqlandi
Taniqli suxandon Rahmatilla Mirzaevning o‘ldirib ketilish yuzasidan olib borilgan tergov ishi yakunlandi. Uning xulosalari O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.
Bosh prokuratura qotillikni sodir etishda fuqaro K. Shoazizov bilan birgalikda marhumning o‘g‘li U. Mirzaevni ham aybladi.
Eslatib o‘tamiz, 2015 yilning 2 martida milliy teleradiokompaniya suxandoni Rahmatilla Mirzaev Zangiota tumanining Chuvalachi qishlog‘ida istiqomat qiluvchi 21 yoshli K. Shoazizov tomonidan o‘ldirib ketilgan edi. Prokuratura va ichki ishlar organlari tomonidan jinoyatchi qo‘lga olinib, voqea yuzasidan tergov ishi olib borildi. Dastlabki tergov davomida jinoyatga suxandonning o‘g‘li ham aloqador ekanligi aniqlandi.
“O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan dastlabki tergov natijalariga ko‘ra, fuqarolar K. Shoazizov va U. Mirzaevlar Jinoiy kodeks moddalariga muvofiq keluvchi jinoyatlarni sodir etganlikda ayblandi; jinoiy ish ko‘rib chiqish uchun sudga jo‘natildi”, – deyiladi xabarnoma matnida.