Diktor Rahmatilla Mirzaev noma’lum shaxslar tomonidan o‘ldirildi
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, oliy toifali diktor Rahmatilla Mirzaev vafot etdi. U 60 yoshda edi.
Taniqli diktor Muslimbek Yo‘ldoshev Facebook’dagi sahifasida ma’lum qilishicha, Rahmatilla Mirzaev “noma’lum shaxslar tomonidan o‘ldirilgan”.
Rahmatilla Mirzaev 2014 yil 22 sentabr kuni 60 yoshga to‘lgan edi. Shu munosabat bilan Diktor.uz saytida alohida xabar ham berilgan edi (Kun.uz o‘sha xabar matnini to‘liq e’lon qiladi): “22 sentabr – O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Rahmatilla Mirzaevning tug‘ilgan kuni. El tanigan telesuxandonimiz 60 yoshni qarshiladi. Rahmatilla Mirzaev o‘tgan asrning yetmishinchi yillarida televideniega dadil kirib keldi. Bir diktor qilishi kerak bo‘lgan hamma ishni muvaffaqiyat bilan uddaladi. Bu ish dastur navbatchiligi bo‘ladimi, “Yangiliklar” yoki “Axborot” informasion dasturlari bo‘ladimi, uning uchun birday mas’uliyatli edi. Bulardan tashqari o‘nlab turli tahririyatlarning keti uzilmas ko‘rsatuvlarini aytmaysizmi! Rahmatilla Mirzaev har qanday ko‘rsatuv, dasturni professional darajada o‘tkazardi. Uning “Dildagi gaplar” mualliflik ko‘rsatuvi fikrimizning dalili bo‘la oladi. Bir necha yillar efirdan tushmagan bu ko‘rsatuvning muxlislari juda ko‘p edi. Rahmatilla Mirzaev mohir intervyuer sifatida savollarni juda talabchanlik bilan tanlar, ularning talaffuzini dona-dona qilib, ham tomoshabin tushunadigan, ham intervyu beruvchi chetlab o‘tolmaydigan tarzda chiqarib berardi. Mahorat mana shu-da! Bugun Rahmatilla Mirzaev Milliy teleradio kompaniyaning oliy toifali, unvonli suxandoni. Uch farzandning otasi va nevarali bobo. Uning izdoshlari va shogirdlari serob. Hali-hamon teleko‘rsatuvlarda, turli darajadagi tadbirlarda boshlovchi, filmlarga ovoz berishda mohir suxandon. O‘z kasbi sirlaridan yosh avlodga saboq berayotgan murabbiy”.