Qozog‘iston Respublikasida "Avtotransport vositalari
xavfsizligiga qo‘yiladigan talablar” texnik reglamentiga o‘zgarishlar
kiritildi. Bu esa respublikada
ommabop bo‘lgan bir qator avtomobillarning importini cheklab qo‘ydi, deb yozadi "Kolyosa”
nashri.
Texreglamentdagi
joriy yilning 5-yanvaridan kuchga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, eng
xaridorgir avtomobillar qatori Daewoo Nexia hamda Daewoo Matiz modellari ham
taqiqqa tushgan. Talablarga ko‘ra, endi import qilinadigan avtomobil kamida
bitta old xavfsizlik yostiqchasi, ABS (antiblokirovkali tormoz tizimi), ISOFIX
bolalar o‘rindig‘i mahkamlagichi, kunduzgi chiroqlar va immobilayzer bilan
jihozlangan bo‘lishi kerak.
2013-yili
jami 13371 dona sotilgan Daewoo Nexia va Matiz bu talablarga javob bermaydi,
chunki yuqorida sanab o‘tilganlardan birortasi ham mazkur avtomobillarda yo‘q,
deyiladi xabarda.
GM
Uzbekistan’ning Qozog‘istondagi vakili bu borada shunday deydi: "Daewoo Nexia
va Daewoo Matiz avtomobillari 2014-yilning 5-yanvaridan buyon Qozog‘istonga
olib kelinmayapti. Hozirgi kunda omborxonada qolgan mashinalar sotilmoqda.
Keyinchalik bu modellar sotiladimi-yo‘qmi – hozircha bir nima deyish qiyin. Zavod
texnik talablarga ko‘ra mashinalarini qaytadan jihozlab chiqarmasa kerak.
Undan ko‘ra, biz boshqa modellarni taklif qilamiz – Nexia o‘rniga Gentra
sedanini olib kelish mumkin”.
Xabarda yangi texnik reglament bilan bog‘liq noaniqliklar
borligi tufayli, Nexia va Matizdan tashqari, boshqa ko‘pgina avtomobil
modellari sotuvi shubha ostida qolganligi ta’kidlangan.
2013-yili mazkur mamlakat avtobozorida ko‘p sotilishi
bo‘yicha ikkinchi o‘rinni O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan Daewoo avtomobillari
band etganligi haqida avvalroq xabar bergan edik. Ta’kidlash joizki, bunda Nexia eng
xaridorgir mashinalardan biri bo‘lib, ommabopligi bo‘yicha uchinchi o‘rinni
egallagan edi. O‘tgan yili
Qozog‘istonda o‘n mingdan oshiq Nexia sotilgan.