O‘zbekiston “Adolat” SDP joriy yil bo‘lib o‘tadigan saylovlarda partiyaning tashrif qog‘oziga aylanuvchi saylovoldi dasturini keng muhokama qilib, ko‘plab takliflar yig‘ib olmoqda.
Shu kungacha bildirilgan fikrlar ekspertlar tomonidan umumlashtirilganda eng ko‘p takliflar ta‘lim sohasi bo‘yicha bildirilgani ma’lum bo‘ldi. Xususan, oliy ta’lim muassasalariga kirishdagi muammolar, abituriyentlar soni va qabul kvotalari o‘rtasidagi tafovutning kattaligi, xorijiy davlatlardagi sifati kafolatlanmagan muassasalarga yoshlarimiz oqimining ortayotgani kabi ko‘plab fikrlar bildirildi.
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi ekspertlari tomonidan tayyorlanayotgan saylovoldi dasturiga oliy ta’lim muassasalariga kirishni osonlashtirish, oliy ma’lumotlilar safini kengaytirish, korrupsiyani oldini olish maqsadida oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotasini bekor qilish taklifi kiritilmoqda.
Jumladan, joriy yilda oliy ta’lim muassasalariga 1 million 66 ming 925 nafar abituriyent hujjat topshirdi. Shundan 102 ming 400 nafari o‘qishga qabul qilindi. Bu esa talabalikka faqatgina 9,6% abituriyent qabul qilinganini ko‘rsatmoqda.
Ushbu tashabbus mohiyati faqat qulaylikka xizmat qilish bilan cheklanmaydi. Endi yoshlar talaba bo‘lgunga qadar emas, oliy ma’lumot olishgacha bo‘lgan vaqtda ham puxta bilim olishga intiladi. O‘qishga kirish emas, o‘qish – oliy ta’lim dargohlarida bosqichdan bosqichga o‘tish va bitirish murakkablashtiriladi.
Partiya imtihonda yetarli ball to‘plolmagan abituriyentlarga shartnoma asosida o‘qish imkoniyatini berishni taklif qilmoqda. Ya’ni, davlat byudjeti asosida o‘qishga kirolmagan barcha abituriyentlar shartnoma to‘lovini to‘lash orqali talaba bo‘lishlariga yo‘l berish kerak.
Partiya Oliy ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda 2020-yildan har bir oliy ta’lim muassasalariga davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilish parametrlari aks etgan normativ hujjatlarni belgilash rejalashtirilgan. Natijada, oliy ta’lim muassasalari bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirishga o‘tishni ta’minlash hamda qabul kvotalarini bekor qilishga erishiladi.