Kino olamida «Oskar»ni orzu qilmagan mashhur bo‘lmasa kerak. Eng uzoq tarixga ega taqdimot yillar osha o‘z nufuzini mustahkamlab kelmoqda. “Oskar” nominatsiyalarida nomzodi ko‘rsatilishi kinoijodkorlar hayotida tarixiy voqea. G‘olib bo‘lish esa haqiqiy baxtga aylangani rost. 2014- yilda qaysi filmlar va ijodkorlar eng munosib topilishi esa 2015-yilning 22 fevralida “Oskar”ning 87-marosimida ma’lum bo‘ladi. Shouga boshlovchi sifatida Nil Patrik Xarris tanlandi. Yaqinda nominantlar e’lon qilindi. Unga ko‘ra “Eng yaxshi film” nominatsiyasi bo‘yicha quyidagilar “kurashadi”: “Amerikalik snayper”, “Berdmen”, “Grand Budapesht mehmonxonasi”, “Selma”, “Qamchi uchi”, “Hammasining teoriyasi”, “O‘spirinlik”, “Taqlid qilishdagi o‘yin”. “Oskar”ning faxriy g‘oliblari esa oldindan aniqlandi. Ular: fransuz aktyori, ssenariynavisi va yozuvchisi Jan-Klod Karer, yapon animatori Xayao Miyadzaki va irlandiyalik aktrisa Morin O`Xara. Jin Xershpolt nomidagi gumanitar mukofotini esa amerikalik aktyor, xonanda va jamoat arbobi Xarri Belafonte oladi.
Shu o‘rinda “Oskar”ning ilk taqdimotini esga olishni lozim topdik. 1929 yilning 16-mayida Los-Anjelesning “Ruzvelt” mehmonxonasida Amerika kinoakademiyasi birinchi marta g‘oliblarni taqdirladi. Taqdimotdan ikki yil oldin esa kinoakademiya tashkil topgandi. Birinchi taqdimot 270 kishilik banket tarzida o‘tkazilib, o‘sha davrning eng munosiblari qatori “Kinematografiya rivojiga qo‘shgan hissasi uchun” aktyor, rejissyor va “Sirk” filmi prodyuseri Charli Chaplin taqdirlangandi.
Ko‘ramiz, joriy yilda, 87-taqdirlash marosimida “Oskar” kimlarni g‘olib topadi!?