O‘zbek aktyori “Oskar” mukofotlarini topshirish marosimida qatnashadi
2010-yili Nyu-York kino akademiyasining rejissorlik kurslarini bitirgan o‘zbekistonlik taniqli aktyor va sportchi Ahmad Berdimurodov 22-fevral kuni bo‘lib o‘tadigan “Oskar” mukofotlarini topshirish marosimida qatnashishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “12news.uz” xabar berdi.
Aktyorning aytishicha, u yaqinda Universal Pictures, Columbia Pictures va Sony Entertainment Pictures kompaniyalari bilan shartnoma tuzgan. Bundan tashqari, unga Gollivud Aktyorlar gildiyasidan takliflar tushgan.
“Men Kinoaktyorlar gildiyasi a’zosiman, ular meni har oyda 2—3 ta rol bilan ta’minlab turishi kerak”, — dedi Berdimurodov AQSh OAVlariga bergan intervyusida.
U shuningdek, 22-fevral kuni 87-“Oskar” mukofotlarini topshirish marosimida Security Industry Specialist kompaniyasining xavfsizlik xodimi sifatida ishtirok etishini ma’lum qildi.
“Biz yetti kishidan iborat soqchilar brigadasi tarkibida ‘Oskar’ haykalchalarini qo‘riqlaymiz”, — deya ta’kidladi Berdimurodov.
46 yoshli aktyor “Shaytanat”, “Panoh”, “Sevginator”, “Tuzoq”, “Qalbim o‘g‘risi”, “Makrli dunyo”, “Tartib” kabi film va seriallarda suratga tushgan.