Oltoyda kollej o‘qituvchisining yuziga kislota sepib ketishdi
19 iyun kuni Oltoyning Biysk tibbiyot kollejida o‘qituvchining yuziga noma’lum shaxs kislota sepib ketdi. Bu haqda “Ren.tv” nashri yozmoqda.
Voqea erta tongda, ayol o‘z ish joyi tomon yo‘l olayotgan vaqtda yuz bergan. Kuzatuv kameralari mavjud bo‘lmagan, odamlar kam o‘tadigan xilvat joydan o‘tib ketayotgan o‘qituvchining ortidan shaxsi noma’lum kishi kelib, uning yuziga kislotani sepadi va voqea joyidan g‘oyib bo‘ladi.
“Men ustimdan kislota tufayli hamma joyi teshilib ketgan paltoni yechdim. Keyin esa yuzimdagi suyuqlikni arta boshladim. Suyuqlik yuzdagi terim bilan birga artildi. O‘sha vaqtda mendan, yuzim va tanamdan tutun chiqardi”, deydi jabrlanuvchi.
Ayol shu alfozda kollejga yetib olgach, unga o‘quvchilari va hamkasblari birinchi yordamni ko‘rsatishgan va tez yordam mashinasini chaqirishgan. Ayol polisiyaga bu ishni uning o‘quvchilari qilganiga ishonmasligini, bu ishni uning qo‘shnisi amalga oshirgan bo‘lishi mumkin ekanini aytmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, ularning o‘rtasida uzoq yillardan beri nizo mavjud.
Voqea yuzasidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.