Maysara, 43 yosh, Samarqand viloyati:
— Erning toparmon-tutarmon, uddaburon bo‘lgani ham yaxshi ekan. Mening erim esa buning aksi, na bolalarining tashvishi, na ro‘zg‘or kamchiliklari qiziqtiradi. Boshida qaynota-qaynonam bilan yashaganimiz uchun unchalik muhtojlik sezmaganmiz. Alohida ko‘chib chiqqanimizdan keyin ro‘zg‘orda yetishmovchilik boshlandi. Buning ustiga bolalarning yeyman-ichaman, degan payti. Shuning uchun o‘zimni o‘qqa, cho‘qqa urib bo‘lsa ham, pul topish yo‘lini o‘ylardim. Avvaliga bozorga chiqib savdo qila boshladim. Uch-to‘rt yil shunday ishlaganimdan so‘ng sog‘ligim yomonlashib qoldi. Jazirama issiq, qattiq sovuqlarda kun bo‘yi bozorda turish o‘z ta’sirini o‘tkazmay qo‘ymadi. Sog‘ligimdan ayrilib, ikki oy shifoxonada davolanib chiqdim. Jamg‘arib qo‘ygan ozroq pulim ham o‘zimga ketdi. Uchta qizdan keyin tug‘ilgan o‘g‘lim hali kichkina, qo‘lidan ish kelmaydi. Otasi esa bir ishning boshini tutay demaydi. Shularni o‘ylab, yana qay yo‘l bilan pul topsam bo‘ladi, deb boshim qotdi. Keyin o‘ylab-o‘ylab, Turkiyada biror yil ishlab kelishga qaror qildim. O‘sha yoqda ishlayotgan tanishlar orqali bir do‘konga farrosh bo‘lib ishga kirdim. Sotuvchilarga yordam berayotganimni ko‘rgan xo‘jayin menga sotuvchilikni berdi. Bundan g‘azablangan sheriklarim qishloqqa men haqimdagi yomon gaplarni yetkazishibdi. Singlim qo‘ng‘iroq qilib, yig‘lab gapirdi:
— Opa, nimalar qilib yuribsiz? Eringiz, bolalaringiz ko‘zingizga ko‘rinmadimi? Uyga qayta qoling, qancha ko‘p pul jo‘natganingiz sari siz haqingizda shuncha yomon gaplar tarqalayapti. Odamlarni bilasiz-ku, og‘zi bilan yuradi...
Bu gaplarni eshitib, hech nima ko‘zimga ko‘rinmay uyimga qaytdim. O‘zimni qancha oqlashga harakat qilmay, odamlarning menga boshqacha ko‘z bilan qarayotganiga chidolmayapman. Oilam buzilib ketaveradimi endi? O‘zimni qanday oqlashni bilmayapman…