"O‘zbektelekom": YouTube yaxshi ishlasa, bizga foyda
O‘zbekistonda "YouTube" videoxostingi faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarga "O‘zbektelekomning aloqasi yo‘q. Bu haqda kompaniya murojaatlar bo‘limi xodimi Bobur Abdullaev O‘zAga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Agentlikdan xabar berishlaricha, "YouTube" bilan bog‘liq muammolar yuzasidan O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligidan aniq ma’lumot va izoh olib bo‘lmagan.
"O‘zbektelekom" kompaniyasi murojaatlar bo‘limi xodimi Bobur Abdullaev esa "YouTube"ning ishlamasligida "O‘zbektelekom" aybdor emasligi, tarmoqda muammo yo‘qligini aytib o‘tgan.
"Foydalanuvchilar eng ko‘p internet trafigini "YouTube"dan foydalanish uchun sarflaydi. Shu bois uning yaxshi ishlashi bizga foyda keltiradi. Qolaversa, kompaniyamiz videoxosting ishiga ta’sir ko‘rsatish uchun rasmiy huquqqa ega emas", - deb aytgan Bobur Abdullaev.
O‘zbekiston "YouTube" videoxostingi sahifalarining yuklanishi, beqaror ishlashi bilan bog‘liq muammo oktabr oyidan beri kuzatilmoqda. O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Olimjon Umarovning so‘zlariga ko‘ra, bu muammolar noyabr oyi oxirigacha davom etishi mumkin.