Tojikistonda Facebook va YouTube yana blok qilindi
Tojikiston hukumati huzuridagi Aloqa xizmati qaroriga muvofiq, mamlakat internet-provayderlari va mobil aloqa operatorlari Facebook ijtimoiy tarmog‘i va YouTube videoxostingini blok qildi. “Vedomosti” xabariga ko‘ra, bu haqdagi ko‘rsatma og‘zaki ko‘rinishda berilgan.
“Biz Aloqa xizmatining ko‘rsatmasiga muvofiq foydalanuvchilarimizning Facebook va YouTube’ga kirishini chekladik. Bu qarorga nima sabab bo‘lganini bizga tushuntirishgani yo‘q”, — dedi kompaniyalardan birining vakili.
Tojikiston internet-provayderlari assotsiatsiyasi rahbari Asomiddin Atoyev ham Facebook va YouTube’ga nisbatan joriy etilgan cheklovlardan boxabarligini, biroq bu cheklovlarga aynan nima sabab bo‘lganini bilmasligini ma’lum qildi.
Tojikiston hukumati chet el ijtimoiy tarmoqlari va bir qator OAV saytlarini oxirgi marta 29-maydan 9-iyunga qadar blok qilgandi. O‘shanda tahlilchilar bu holatni mamlakatda jahonning 99 mamlakatidan 1,5 mingdan ortiq vakillar, xususan, BMT bosh kotibi Pan Gi Mun ham tashrif buyurgan uch kunlik yirik xalqaro konferensiya o‘tkazilayotgani bilan izohlagandi.