“O‘zbektelekom” 60 million dollarga magistral tarmoqlarni kengaytiradi
Mamlakatimizning butun hududini qamrab olgan eng yirik
telekommunikatsiya operatori – "O‘zbektelekom” aksionerlik kompaniyasi joriy
yilda o‘z faoliyatini yanada kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Kompaniyaning matbuot xizmati
ma’lumotlariga tayanib "Jahon” axborot agentligi xabar bergan.
Jumladan, Xitoy Eksimbankining 60 mln AQSh dollaridan
oshiqroq miqdordagi krediti hisobiga "O‘zbektelekom” magistral tarmoqlarini
tuman markazlarigacha kengaytirish va zaxiralash loyihasini amalga oshirish
ko‘zda tutilgan.
Telekommunikatsion tarmoqning ishonchliligini oshirish va
ma’lumot uzatish imkoniyatini 100 Gbit/s gacha yetkazish maqsadida, milliy
operator zamonaviy aloqa uzatish uskunalarini o‘rnatishni mo‘ljallagan.
Ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, 2013-yil dekabrda
"O‘zbektelekom” AK "yagona oyna” tamoyili bo‘yicha ishlaydigan sakkizta yangi
ofisini ishga tushirdi. "Yagona
oyna” nuqtalari orqali abonentlarga bir joyning o‘zida barcha turdagi xizmatlar
ko‘rsatiladi.