Uzmobile uyali aloqa operatori 2014-yilning 1-martidan
Toshkent shahri abonentlari uchun yangi numeratsiya ochadi. Bahorning ilk
kunidan poytaxtda yangi abonentlar 143-XX-XX, 169-XX-XX ko‘rinishidagi yangi
raqamlarga ulanishlari mumkin. Bu xususda mobinfo.uz xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda Uzmobile operatorining
abonentlari soni 300 mingdan oshgan.
Avval ham xabar berganimizdek, O‘zbekiston
Prezidentining 2014-yil 12-fevraldagi "Mobil aloqa milliy operatori faoliyatini
tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, "O‘zbektelekom”
aksiyadorlik kompaniyasining Uzmobile filiali negizida milliy mobil aloqa
operatori tashkil etilmoqda.
Rejaga ko‘ra, 2014-yil mobaynida poytaxtda 1020
ta tayanch stansiyasi, 500 komplekt radiorele jihozi hamda
2 million raqamga mo‘ljallangan kommutatsiya stansiyasi va billing
tizimi o‘rnatiladi. 2015-yilda mazkur milliy operator tarmog‘i bilan
barcha viloyatlar markazlari, 2017-yil davomida esa respublikaning barcha aholi
punktlarini qoplash rejalashtirilgan.
Mobinfo.uz bergan ma’lumotga ko‘ra, 2017-yil oxirigacha
Uzmobile butun O‘zbekiston bo‘ylab 3986 ta tayanch stansiyasi va 4000 komplekt
radiorele jihozi o‘rnatadi. Shuningdek, jihozlarni zaruriy quvvat bilan
ta’minlash uchun avtonom quyosh fotoelektr tizimlari ham o‘rnatish ko‘zda
tutilgan.