“O‘zbekkonsert” to‘ylarga chiqadigan san’atkorlarning narxlarini belgiladi
“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi ikki yo‘nalish tadbirlarida ishtirok etadigan san’atkorlarning imtiyozli narxga ega ro‘yxatini taqdim etdi. Ushbu yo‘nalishlarning birinchisi osh tadbirlari bo‘lib, ikkinchisi to‘y va yubiley tadbirlari hisoblanadi.
Ya’ni, bunda san’atkorlarning xizmat ko‘rsatish narxlari ikki yo‘nalishda: osh tadbirlarini o‘tkazish 500 mingdan 800 minggacha, to‘y va yubiley tadbirlarini o‘tkazish 800 ming so‘mdan 1,5 million so‘mgacha belgilandi.
Fuqarolar endi o‘z tadbirlariga ro‘yxatda keltirilgan telefon raqamlari orqali bog‘lanib, san’atkorlarni taklif etishlari mumkin bo‘ladi. Ushbu ro‘yxat “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan doimiy nazorat qilinadi va yangilanib boriladi.
Hozircha ro‘yxat faqat Toshkent shahri uchun amal qiladi. Keyingi bir oy ichida Respublikadagi barcha tumanlar uchun imtiyozli ro‘yxat taqdim qilinadi.
Shuningdek, Toshkent shahridagi Olmazor tumanidagi FHDYo bo‘limida qonuniy nikohdan o‘tgan kelin-kuyovlar o‘sha yerning o‘zida ro‘yxatda ko‘rsatilgan san’atkorlarni tanlab, ularga buyurtma qilishlari mumkin.
Ro‘yxatda ko‘rsatilgan raqamlar 24 soat davomida ish faoliyatini olib boradi. Ko‘rsatilgan xizmatga esa hech qanday pul olinmaydi.