O‘zbekistonlik professorni Sheremetevo aeroportida ushlab qolishdi
O‘zbekistonlik professor Yo‘lbarsxon Mansurov Moskvaning Sheremetevo aeroportida ushlab qolindi. Bu munosabat bilan u ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida o‘z noroziligini va taajjubini bildirdi.
12 kashfiyot, bir qancha monografiyalar va 130dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi bo‘lgan professor Mansurov Rossiyaning oliygohlaridan birida ishga taklif qilingan edi.
“Universitetning dasturlari bo‘yicha Vladivostokka taklif qilingan Uzoq Sharq federal universiteti kafedra mudiri Sheremetevo aeporti polisiya bo‘limi kamerasida o‘tiribdi, go‘yoki Rossiya xavfsizligini buzganligi uchun. Kimdir buni tushuntirib bera oladimi? Men Tempus loyihasi bo‘yicha Berlinda o‘tkazilgan treninglardan qaytayotgan edim”, – deb yozdi u o‘z sahifasida.
Universitet matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, oliygoh rahbariyati bu masala bilan shug‘ullanmoqda.
Uzoq Sharq federal universiteti muhandislik maktabi materialshunoslik va materiallar texnologiyasi kafedrasi mudiri Yo‘lbarsxon Mansurov universitetda 2013 yildan beri ishlaydi. U o‘tgan yili Yevropaning TEMPUS dasturidan ikkita grant yutib oldi. Ushbu dastur rivojlanayotgan mamlakatlarga texnik va texnologik rivojlanish sohasida yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.