O‘zbekistonlik bloger qiz koronavirusga tahlil topshirdi
O‘zbekistonda leo_17 taxallusi bilan tanilgan taniqli Instagram blogeri Shahzoda Salimjonova koronavirusga tahlil topshirdi, deb xabar bermoqda Repost. Qayd etilishicha, u mart oyining boshlarida Yevropaga sayohat qilgan. Uyiga qaytganidan so‘ng va 16-mart kuni O‘zbekistonda birinchi marta koronavirus infeksiyasi aniqlanganidan keyin Shahzoda o‘zida koronavirus bor-yo‘qligini aniqlash uchun ixtiyoriy ravishda Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markaziga murojaat qilib, tahlil topshirgan. “Soat kunduzgi 3 edi. Markazda odam gavjum edi. So‘rovnoma o‘tkazishdi. Qayerga borganim, kim bilan aloqada bo‘lganimni so‘rashdi. Burnimdan surtma olishdi. Shu xolos. Mana, oradan bir kundan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa ham, haligacha javobini olmadim. Barcha qo‘ng‘iroqlarimga esa ‘biror narsa bo‘lsa o‘zimiz bog‘lanamiz’, deya javob berishdi. Tushunmadim, meni hech kim majbur qilmagandi. Do‘stlarim bunga oddiy munosabatda bo‘lishdi. Uyda esa onam hatto, bundan ajablandi va tahlil topshirishni kim talab qilganini so‘radi. Men buni normal holat deb hisoblayman. Ota-onam o‘zi tibbiyot xodimlari va shu sababli buni ijobiy qabul qilishdi”, — degan Shahzoda Salimjonova. Dunyo bo‘yicha esa koronavirusga chalinganlar soni 198 mingdan oshdi. Koronavirus AQShning barcha shtatlarida aniqlandi. Yevropada koronavirus qayd etilmagan birorta davlat qolmadi.