O‘zbekistonda 1 oktyabrdan tabiiy gaz uchun to‘lovlar qimmatlashadi
Shu yilning 1 oktabr kunidan O‘zbekiston aholisi va ulgurji iste’molchilarga beriladigan tabiiy gaz uchun Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan yangi tariflar joriy qilinmoqda.
«Uzbekneftegaz» Milliy xolding kompaniyasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, yangi narxlar O‘zbekiston Moliya vazirligining 2015 yilning 15 sentyabrida № 19-03-22-05-RUz-92-2015 raqami ostida ro‘yxatdan o‘tkazilgan qarori asosida o‘rnatilgan.
Yangi preyskurantga ko‘ra, aholiga beriladigan tabiiy gazning 1 kubometri hisoblagich bo‘lgan holda 194,7 so‘mdan 208,9 so‘mga oshiriladi. Hisoblagich bo‘lmagan holda ovqat pishirish va issiq suv ta’minoti uchun ishlatiladigan gazning 10 kubometri 3612,95 so‘mni tashkil qiladi (joriy tarif — 3367,05 so‘m). Isitish uchun foydalaniladigan gazning 10 kubometri 1561,5 so‘mdan 1675,55 so‘mga oshadi.
Toshkent shahrida tabiiy gaz uchun narxlar oxirgi marta shu yilning 15 may kunida oshirilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrida 1 oktyabrdan sovuq suv va issiq suv hamda isitish tizimlari ta’minoti xizmati uchun ham yangilangan tariflar joriy etiladi.