Shavkat Mirziyoev «Koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish uchun aholi, tadbirkorlik sub’ektlari, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonga imzo chekdi. Farmonga ko‘ra, 2020 yil 1 iyuldan 2020 yil 31 dekabrga qadar: umumiy ovqatlanish korxonalari va binolarni ijaraga berishga ixtisoslashgan korxonalar aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashdan ozod etiladi; jismoniy shaxslar ko‘chmas mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlar bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lashdan ozod etiladi; mol-mulkini (binolar va avtomobil transporti) ijaraga beruvchi jismoniy shaxslarga soliq maqsadida ijara to‘lovlarining eng kam stavkalarini qo‘llash tartibi to‘xtatib turiladi; ijaraga beruvchilarga 2020 yil uchun ijara to‘lovi miqdorini pasaytirish maqsadida, shu jumladan taqdim etilayotgan soliq imtiyozlarini inobatga olgan holda ijara to‘lovini qayta ko‘rib chiqish tavsiya etiladi; Shuningdek, 2020 yil 1 apreldan 2020 yil 31 dekabrga qadar umumiy ovqatlanish korxonalari alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yig‘imni to‘lashdan ozod qilinadi.