O‘zbekiston 23-dekabr kuni Afg‘onistonga navbatdagi insonparvarlik yordamini yubordi, deb xabar bermoqda Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, 63 vagonda oziq-ovqat, kiyim-kechak hamda ko‘mir mahsulotlaridan iborat navbatdagi insonparvarlik yordami ortilgan poyezd Termizdagi “Ayritom” chegara o‘tkazish punkti orqali Afg‘onistonning Mozori Sharif shahriga jo‘natildi.
Shu munosabat bilan bugun, 23-dekabr kuni Balx viloyati markazida ikki mamlakat rasmiylari ishtirokida insonparvarlik yordamini topshirish marosimi bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Afg‘onistonga bundan avvalgi insonparvarlik yordamini 14-sentabr kuni yuborgandi. Un, turli oziq-ovqat mahsulotlari, birlamchi zarur tovarlar, dori-darmonlar, kiyim-kechak va poyabzallardan iborat 1300 tonnalik mazkur yordam butun mamlakat bo‘ylab kam ta’minlangan afg‘on oilalariga tarqatilgan.
BMT Qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi 15-dekabr kuni Termiz orqali Afg‘onistonga gumanitar yordam jo‘natgandi.