Rossiyaning MTS mobil aloqa operatori O‘zbekiston hukumati
bilan mamlakatdagi faoliyatini qayta yo‘lga qo‘yish borasida deyarli kelishib
oldi. Gazeta.uz’ning "RIA Novosti”ga asoslanib xabar berishicha, MTS mahalliy kompaniya – "O‘zdunrobita”dagi
o‘z ulushini O‘zbekistonga topshirishi ham mumkin.
"RIA Novosti”ning yozishicha, bu haqda MTSni nazorat
qiluvchi "Sistema” kompaniyasi rahbari va asosiy egasi Vladimir Yevtushenkov
jurnalistlarga ma’lum qilgan.
"Biz barcha shartlarni kelishib oldik, faqat bitta shart
qoldi – u biz uchun yetarli darajada sezilarli. Agar shuni ham kelisha olsak –
shu yili O‘zbekistonga qaytamiz”, – dedi Yevtushenkov Sankt-Peterburgda bo‘lib
o‘tgan xalqaro iqtisodiy forum kuluarlarida.
Uning aniqlik kiritishicha, hal qilinishi kutilayotgan
so‘nggi masala chastotalar bilan bog‘liq. "Bu davlat ishtirokidagi kompaniya
bo‘ladi, biz esa uni nazorat qilamiz”, – deya qayd etdi "Sistema” rahbari.
"Kun”ning ta’kidlashicha, 2012-yil iyulida MTSning
O‘zbekistondagi sho‘basi – "O‘zdunrobita” operatorining litsenziyalari chaqirib
olingan edi. Kompaniyaga nisbatan qiymati 600 million dollardan ortiq bo‘lgan
da’volar e’lon qilingan, operator rahbariyatiga nisbatan esa jinoiy ish
ochilgan edi. Moliyaviy da’volarni to‘lash qobiliyati yo‘qligi sabab, 2013-yil
yanvarida "O‘zdunrobita” bankrot bo‘lganini ma’lum qilgan edi.
"Biz katta mamnuniyat bilan ushbu mamlakatga qaytamiz. Bu
yaxshi bozor”, – deya qayd etdi Yevtushenkov. Bu kabi holat yana
takrorlanmasligiga kafolat bormi qabilidagi savolga, Yevtushenkov shunday javob
berdi: "Hatto sug‘urta polisi ham yuz foizlik kafolat bera olmaydi”.
MTSning O‘zbekistonga qaytishi borasidagi aniq sanalarni
ma’lum qilmagan Yevtushenkov bu kelishuvlarga bog‘liq masala ekanligini qayd
etib o‘tdi.