Moskvada Sberbank filialiga qurolli bosqin uyushtirildi
Sberbankning Moskva janubi-sharqida joylashgan filiallaridan biriga noma’lum shaxs qurol bilan bostirib kirdi va muassasa xodimlaridan birini jarohatladi. Bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga asoslangan holda "Interfaks" nashri xabar bergan.
Ma’lum qilinishicha, Volgogradsk shoxko‘chasi bo‘yida joylashgan bankka hujum uyushtirilgan.
Jinoyatchi bank xodimini jarohatlagach, pullarni qopga solgan va voqea joyidan yashiringan. Uning aynan qancha miqdordagi pulni olib ketganiga aniqlik kiritilmagan.
Ayni vaqtda voqea joyida polisiya tekshiruv ishlarini olib bormoqda.
Jarohatlangan bank xodimi shifoxonaga yotqizilgan, uning ahvoli o‘rta darajadagi og‘irlikda, deb baholangan.