Moskvada Islom Karimov haykalining o‘rnatilish muddati aniq bo‘ldi
O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov siymosi tasvirlangan haykallar turli shaharlar va mamlakatlarda o‘rnatilmoqda.
Jumladan, O‘zbekistonning Toshkent va Samarqand, Turkmanistonning Ashxobod shaharlarida o‘rnatildi. Shunday haykallardan biri 2019 yilda Rossiya Federatsiyasining poytaxtida o‘rnatilishi rejalashtirilgan edi.
Bugun, 27 oktabr kuni Moskva shahar meri Sergey Sobyanin haykalning o‘rnatilishi yuzasidan farmoyishni imzolagani xabar qilinmoqda.
O‘zbekistonning Birinchi prezidenti xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risidagi farmoyishda yodgorlikning Bolshaya Polyanka ko‘chasi va Kazache ko‘chasi tutashgan hududdagi maydonda 2019 yilning 31 dekabriga qadar o‘rnatilishi aytilgan.
Moskva rahbarining ma’lumotiga ko‘ra, haykalni rejalashtirish, tayyorlash va o‘rnatish bilan bog‘liq ishlar, shuningdek maydonni obodonlashtirish ishlari Karimov nomidagi respublika xayriya-jamoat fondi tomonidan moliyalashtiriladi.