FIFAning yillik taqdimot marosimi yakuniga yetdi. Marosim so‘nggida "Oltin to‘p" sohibi aniqlandi.
Bu sovringa Lionel Messi, Krishtianu Ronaldu va Neymar da’vogarlik qilgandi.
O‘tkazilgan so‘rovnoma natijasida Kataloniyaning "Barselona" klubining argentinalik hujumchisi Lionel Messi 2015 yilning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
FIFA hamda France Football jurnali o‘tkazgan so‘rovnomada qatnashgan murabbiylar, terma jamoa sardorlari hamda jurnalistlarning ko‘pchilik qismi Lionel Messiga ovoz berishgani ma’lum bo‘ldi.
FIFA matbuot xizmati axborotiga ko‘ra, milliy terma jamoalarning murabbiylari, sardorlari va matbuot kotiblari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma yakunlariga ko‘ra, Lionel Messi 41,33 foiz, Madridning "Real" klubi hujumchisi, portugaliyalik Krishtianu Ronaldu 27,76 foiz, Messining klubdoshi, braziliyalik Neymar esa 7,86 foiz ovoz to‘pladi.
G‘olibga "Oltin to‘p"ni afsonaviy futbolchi Kaka topshirdi.
Eslatib o‘tamiz, Messi bunga qadar 2009, 2010, 2011, 2012 yillarda jahonda tengsiz futbolchi deb topilgan edi. Endi u besh marta "Oltin to‘p" sohibi bo‘lgan dunyodagi yagona futbolchi.
Krishtianu Ronaldu, shuningdek, o‘tmish yulduzlari — Marko van Basten, Mishel Platini va Yohan Kroyff kabi futbolchilar uch martadan «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritgan.
|