"Barselona”ning 37% ishqibozi Sport.es portalida
o‘tkazilgan so‘rovnoma vaqtida klub hujumchi Lionel Messini sotishi
kerak, degan fikrni bildirdi, deb xabar bermoqda "Kun”.
"Barselona” muxlislarining fikricha, ushbu mavsum
bor-yo‘g‘i Ispaniya Superkubogini qo‘lga kiritgan jamoaning joriy mavsumdagi
muvaffaqiyatsizliklariga aynan argentinalik hujumchi aybdor.
Ishqibozlar, bundan tashqari, darvozabon Xose Pinto (92%
ovoz), himoyachilar Dani Alves (81%) va Xaver Maskerano (53%), yarim himoyachi
Aleks Song (59%) va hujumchi Aleksis Sanches (21%) ham jamoadan ketishi kerak,
degan fikrni bildirdi.
Messi 2013/2014-yilgi mavsumda "Barselona” tarkibida 46 ta
rasmiy uchrashuvda maydonga tushib, 41 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. 16-may
kuni "Barselona” 26 yoshli hujumchi bilan yangi shartnoma imzolaganini e’lon
qildi. Yangi bitim bo‘yicha Messining yillik maoshi 20 million yevroni tashkil
etadi.