O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki 2019 yilning 25 fevraldan boshlab qiymati 100 000 so‘m bo‘lgan banknot ko‘rinishidagi yangi pul belgisi muomalaga chiqarilishi to‘g‘risida ma’lum qildi.
Qiymati 100 000 so‘m bo‘lgan banknotning mavzusi o‘zbek olimi Mirzo Ulug‘bek faoliyati va uning astronomiya fanidagi yutuqlariga bag‘ishlangan. Banknotning o‘lchami 144 x 78 mm. bo‘lib, maxsus himoyalangan qog‘ozda chop etilgan.
Banknotning o‘ng tarafidagi oq oval qismida Mirzo Ulug‘bek surati ko‘rinishidagi lokal suv belgisi va 100000 raqami ko‘rinishida filigran suv belgisi joylashgan. Banknotning o‘ng tarafidagi qog‘oz qatlamida kengligi 5 mm. 3D effektga ega bo‘lgan, yuqori himoyali, sho‘ng‘uvchi, banknotning ustki qatlamiga chiquvchi himoya ipi joylashtirilgan. Yorug‘lik manbaida ip to‘liq ko‘rinishga ega bo‘lib, banknotning istalgan qiyalik ko‘rinishida ipdagi tasvirlarda siljish effekti paydo bo‘ladi. Old va orqa tomonlarining foni asosan och jigarrang va havo ranglaridan iborat.
Banknot old tomonining chap qismida Mirzo Ulug‘bek haykali tasvirlangan. Banknotning yuqori qismining chap tarafida rangi o‘zgaruvchan 100000 raqami joylashtirilgan bo‘lib, ma’lum qiyalik burchagida qaralganda uning rangi qirmizi rangdan jigarrangga o‘zgaradi.
Banknotning quyi qismining chap tarafida ornamental tasvir asosida (fonida) «UZB» ko‘rinishidagi yashirin tasvir mavjud bo‘lib, u yorug‘lik manbaiga nisbatan ma’lum qiyalikda ko‘rinadi. Banknotning chap tomonida joylashgan yashil rangdagi maxsus element ko‘zi ojiz insonlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, bo‘yoqning bo‘rtmaligi hisobiga banknotning qiymatini aniqlash mumkin.
Banknotning yuqori o‘ng burchagida O‘zbekiston Respublikasining Gerbi jigarrangda aks ettirilgan.
Banknotning o‘rta qismida quyosh sistemasi sxemasi joylashgan bo‘lib, uning rangi ko‘rish burchagiga qarab bronza rangidan yashil rangga o‘zgaradi.
Banknot pastki o‘ng burchagidagi 100000 raqami ikki xil, ya’ni jigarrang va yashil rangda aniq chegaralangan holda bosilgan. Banknotning lotin alifbosidagi ikki harfli seriyasi va yetti xonali sondan iborat raqami ikki joyda bosilgan bo‘lib, quyi qismining o‘ng tomonidagi bo‘yoq ferromagnit, chap qismdagi rangli maydondagi lyuminesser xususiyatiga ega.
Banknot orqa tomonining chap qismidagi oval shakldagi maydonda ham lokal suvli belgisini ko‘rish imkoniyati mavjud. Chap tomonining yuqori burchagida giloshir rozetka maydonida banknot muomalaga chiqarilgan yil ko‘rsatilgan.
Muomalaga chiqarilayotgan qiymati 100 000 so‘m bo‘lgan pul belgisi, ayni paytda muomalada bo‘lgan pul belgilari va tangalar bilan bir qatorda, barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va aholi tomonidan o‘z qiymati bo‘yicha barcha turdagi to‘lovlar uchun hech qanday cheklovlarsiz qabul qilinishi shartligi belgilangan.