Koronavirus kasalligi mavjud bo'lgan mayyitni dafn etish tartibi ma'lum qilindi
Hozirgi kunda dunyo musulmon davlatlari tajribasida mayyitni yuvish, kafanlash va dafn marosimi sanitar xodimlar yordamida shariatga muvofiq ado qilinmoqda. Ushbu amallarni bajarishda mayyitning yaqinlari ishtirok etayotgani yo‘q. Marhumning yaqin qarindoshlari faqat janoza o‘qishda qatnashmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan o‘zaro maslahat asosida, karantin holatida mayyitni imkon qadar shariatimiz ko‘rsatmalariga muvofiq yuvish, kafanlash va dafn qilishga harakat qilinadi. Bu jarayonda O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili ishtirok etadi.
Mazkur amallar farzi kifoya ma’nosidagi ishlar bo‘lib, ba’zi musulmonlar amalga oshirishsa, qolganlaridan soqit bo‘ladi.
Demak, koronavirus kasalligi mavjud bo‘lgan mayyitni dafn marosimini faqat yaqin qarindoshlari vakillari ishtirokida qilish lozimdir.
Dafn marosimida ishtirok etuvchilar tibbiy ko‘rsatmalarga amal qilishlari, jumladan, niqoblar va qo‘lqoplardan foydalanishlari hamda marosimdan so‘ng karantin talablari asosida dezinfeksiya va shaxsiy gigiena amallarini bajarishlari lozim.
Ta’kidlash joizki, janoza, dafn va ta’ziya marosimlarini ixcham tarzda o‘tkazish barobarida epidemiya hamda karantin davridagi talablar, xususan, gigiena qoidalariga jiddiy amal qilish lozim bo‘ladi. Shuningdek, maxsus komissiya qarori asosida qat’iy cheklangan tarkibda o‘tkaziladi.