— Sakkiz yil avval o‘g‘limni o‘zi sevgan qizga uylantirdim. Kelin asli hamshira. Lekin bir haftada bir marta ishga borib, qolgan paytda bozorda tilla taqinchoqlar sotish bilan shug‘ullanadi. O‘ldim-kuydimiga qaramay yoshlar uch oy yashab ajralib ketishdi. O‘ylab qarasam, bunga tayinli sabab ham bo‘lmagan ekan. Avvalo o‘zlari chiqishib ketisholmadi, qolaversa, kelinning qo‘lidan telefon tushmas, oilaning ishlariga qudam aralashadigan bo‘lib qolgandi. Yosh kelin saharlab ko‘chaga chiqib ketib, shomda kirib kelardi. Bundoq qaynonaning, erning xizmatini qilish xayoliga ham kelmasdi. Xullas, u bo‘ldi, bu bo‘ldi nabiraginam bir yoshga to‘lganida qonunan ajralishdi. Mana, olti yildirki, o‘g‘lim bo‘ydoq. Ammo kelinim bilan onda-sonda ko‘rishib turishadi. Uyga olib kelib yasha yoki boshqa uy qilib oilangizni tiklanglar, bunaqa qilib yurishingiz yaxshi emas, desam bolam ko‘nmayapti. Turib-turib «Xotinim uy zindon, ko‘cha xandon» ayol chiqdi, boshqasiga uylanaman deydi-yu, tuzukkina qizlarni ko‘rsatsam, ko‘nglimga o‘tirmayapti, deb ishni paysalga soladi. Nima qilishga boshim qotgan. Kelin bo‘lsa, onasinikida yallo qilib yashayapti, zarurat tug‘ilsa, qo‘ng‘iroq qilib o‘g‘limni chaqitiradi, boshqa paytda o‘ziga xon — ko‘lankasi maydon. Ularning bunday yengiltabiatliklarini ko‘rib boshim qotib qoldi. Axir bu turishda bolamning umri o‘tib ketatayapti...
Jamila, 56 yosh, Xorazm viloyati
Qaynonajon: — O‘g‘lingizning kelin bilan ajrashganiga olti yil bo‘libdi-yu, «Haliyam bolam bo‘ydoq» deb yuribsizmi, singiljonim. Erkak kishi-da, yana ko‘z ochib ko‘rganini, ko‘ngil berganini qo‘msayveradi. Maslahatimiz, orada shiringina bola bor ekan, o‘g‘lingizni kelin bilan yarashtirib qo‘ysangiz, yaxshi bo‘lardi. Har ikkalasini yoningizga olib maslahat soling. Nevarangiz tirik yetim bo‘lmasin, gunohga qolib yurmang. Dilbandingiz boshqaga uylanishga rozi bo‘lmasligidan niyatini tushunib yeting-da, azizam. O‘zingizni qiynab, boshqa kelin olishim kerak, deb eshikma-eshik ovorayu sarson bo‘lishga xojat yo‘q. Bilamizki, ayol istasa, farzandini yo‘lga solishga qodir. Faqat chin dildan istashi kerak buni.
Ruhshunos: — O‘g‘lingiz bilan keliningiz turlicha hayot kechirishgani sabab o‘zaro kelishib ketisholmaganga o‘xshaydi. Ayol kishi uyim-joyim demasa, oila mustahkamligini birinchi o‘ringa qo‘ymasa, qiyin ekan. Biroq ko‘ngil degan narsa ham borki, u aqlga bo‘ysunmaydi. Keling, yoshlarni bir chekkaga qo‘yib, o‘zingiz haqingizda gaplashsak. Keliningizdagi yuqorida o‘zingiz sanab o‘tgan jihatlar nimaga sizni asabiylashtirayapti? To‘g‘rirog‘i, nimaga hanuzgacha o‘tib ketgan voqealar sabab asabiylashayapsiz? Qachonki asabiylikdan, toqatsizlikdan xalos bo‘lib, sobiq keliningizni xayolan qo‘yib yuborsangiz, xotirjam tortasiz. Odatda boshqalardagi biz toqat qila olmaydigan jihatlar yana va yana ko‘zimizga tashlanaveradi. O‘g‘lingizga kelsak, u endi yosh bola emas. Boshiga yoqqan qorni o‘zi kurashiga izn bering. To‘g‘ri, uylanishi kerak, lekin tergashlaringiz, qistovga olishlaringiz foyda bermayaptimi, o‘zi bir qarorga kelishiga imkon tug‘dirgan afzal, menimcha.
Saodat yozib oldi.