Chiroqchida qaynota jahl ustida keliniga pichoq sanchib qo‘ydi
2014 yilning iyul oyida Chiroqchi tumanining "Qulburun" qishlog‘idagi xonadonlardan birida ko‘tarilgan janjal yetti mahallaga eshitildi...
Shu qishloqda yashovchi Dilnoz Sarmonova (marhuma) turmush o‘rtog‘i bilan ajrashdi. Uning uyidan o‘ziga tegishli narsalarni olish haqidagi sud qaroridan so‘ng, shu kunning o‘zidayoq onasi va ukasini olib, bu xonadonga keldi. Kelin uydagi o‘ziga tegishli narsalarni birin-ketin mashinaga orta boshladi va mashinadan o‘zi bilan olib kelgan arrani oldi-da, hovlidagi mevali daraxtlarni arralay boshladi. Shu choqqacha sukut saqlab turgan yon-atrofidagi "tomoshabinlar” ayoldan daraxtlarni kesmaslikni so‘rashdi. Ayol esa bunga javoban daraxtlarni o‘zi ekkanligini, shuning uchun kesib tashlashga haqqi borligini aytib, ishida davom etdi.
Bu payt Dilnozning onasi mol-mulk ilinjida xona ichini ko‘zdan kechira boshlaydi. O‘sha yerda turgan 3-4 metrli suv shlangini olib ketmoqchi bo‘ladi. Shu paytgacha jim turgan qaynota Elmurza Xollievning sabr-kosasi to‘lib, undan shlangni tashlab ketishni so‘raydi. Dilnoz onasi va qaynotasining janjalini eshitib, o‘sha tomonga yuguradi. Shlangni qo‘liga olib, "Buni otamning uyidan olib kelganman", deya qaynotasini haqoratlay boshlaydi. Qaynota el-yurt va mahalla-ko‘y oldida o‘zini sharmanda bo‘lgandek his etadi. Jahl bilan devorga qadalgan pichoqni oladi-da, teskari o‘girilgancha shlangni tortayotgan kelinining orqasiga sanchadi. Dilnoz kuchli og‘riqdan shlangni qo‘yib yuborib, tashqariga yuguradi va uyiga jo‘nab ketadi.
Kechki payt hovliga huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari kelib, kelini Dilnoz Sarmonovaning vafot etganligini aytishganida, Elmurza Xolliev barcha aybni bo‘yniga oldi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi tomonidan Elmurza Xollievga nisbatan 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Bu haqda uz24.uz nashri “Huquq” gazetasi ma’lumotlari asosida xabar beradi.