Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » MAHALLIY HABARLAR (UZB)

Jurnalist xotiralari: Islom Karimov qanday inson edi?

Taniqli jurnalist Muhammadjon Obidov O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovni xotirladi.

Islom aka o‘zgalar fikrini qadrlar edi.

Olamning ishlari g‘alat. Kechagina tasavvur ham qilish mumkin bo‘lmagan gaplar bugunning haqiqatiga aylansa-ya!
«Amerika ovozi»ning siyosatdon jurnalisti Navbahor Imomova bilan bir kun miriqib suhbatlashdim, hatto «dardlashdik». Prezidentlar Islom Karimov va Shavkat Mirziyoev portretiga chizgilar izladik. Odamlar taqdiri, jurnalist qismati va albatta so‘z erkinligi mezonlari xususida bahslashdik.

Bugun bir paytlar O‘zbekiston televideniesi rahbari bo‘lib ishlagan, hozirda Amerikada yashayotgan Jahongir Mamatov bilan feysbuk «tili»da bo‘lsada, samimiy hol so‘rashdik. Jahongir yaxshi niyat bilan O‘zbekistonda uchrashishimizni tiladi. Hech bir mavzuda bahslashmasak ham bir-birimizni tushungandek bo‘ldik.

Pahlavon bilan BBC muxbirlik bo‘limi ochilishi, o‘zbek televideniesida xorij xabarlari loyihasi haqida fikr almashdik.

Buni qarangki, yaqindagina biz go‘yo barrikadaning ikki tomonida turgandek his qilardik o‘zimizni.

Kechagina viloyat hokimi televideniega intervyu berishi mumkin bo‘lmagan voqea deb qaralar edi. XPK tufayli jurnalist Farg‘ona viloyatining bilimdon, lekin tezobroq (u afg‘onchi bo‘lgani va sariqdan kelgani uchunmi, jahli tez chiqadi) hokimi Shuhrat G‘anievni rosa bir soat to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda savollarga tutdi, «terlatdi».

Ro‘zadorlar uchun tashkil etilgan iftorlikda viloyat hokimidan tortib barcha kuch ishlatar tizim (shu jumladan MXX ham) rahbarlari qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib, namozxonlarni Farg‘onadagi eng hashamatli, Islom Karimov nomidagi san’at saroyiga taklif qildilar va u yerda azon chaqirilib, saf tortib shom namozi ado etildi...

Zamon buncha tez o‘zgarmasa-a?!

Bugun Lola Karimova (Tillayeva) dugonasi nomidan Islom aka hayotining so‘nggi soatlari haqida xotira e’lon qilibdi. Uni ko‘pchilik o‘qidi. Buyuk insonlar haqidagi xotiralar shubhali emas, faqat va faqat voqelik haqiqatiga asoslangan bo‘lishi lozim, deb hisoblayman. Ishonamanki, hali shunday xotiralar albatta yoziladi, e’lon qilinadi.

Shu kunlarda Islom Karimov vafotiga bir yil to‘lmoqda. Menga taqdir iltifot ko‘rsatib, bu ulug‘ zot yonida bir necha yil davomida telemuxbir sifatida hamroh bo‘lish nasib etgan. Bilmadim, yana qaysi muxbirning ismini aytib chaqirgan, lekin Islom aka har doim «Muhammadjon, ...» deya savolga, suhbatga tutar edi meni. Birinchi marta shunday bo‘lgandayoq Prezidentning menga bo‘lgan samimiy, ishonchli munosabati uning atrofidagi Davlat maslahatchilari, Bosh vazir o‘rinbosarlariga yoqmaganini sezganman. Aniqrog‘i «sezdirishgan». Hali paxta, g‘alla dalalarida, qurilish maydonida, sanoat korxonasida bo‘ladimi, Islom aka bir-bir atrofidagilar orasidan meni ko‘z qarashi bilan izlab topar va yana ismimni aytib murojaat qilardi (Bu lahzalar o‘nlab videotasmalarda saqlanib qolgan). Bu unutilmas uchrashuvlar, suhbatlar, tarixiy voqealar haqidagi satrlarni chop etish vaqti ham kelib qolar... Lekin men shunday qutlug‘ kunlarda bu insondagi o‘zgalar fikrini tinglash, agar taklif asosli bo‘lsa, unga quloq tutish fazilati haqida o‘z hayotimda ko‘rganlarimni o‘rtoqlashmoqchiman.

Islom Karimov xorij radiolari, ayrim «huquq himoyachilari» tasvirlagandek aslo xudbin rahbar emasdi. To‘g‘ri, qabul qilgan qarorini muhokama etishlarini yoqtirmas edi. Lekin ungacha sizni tinglash, fikr aytsangiz uni muhokama qilishga xayrixohligi bo‘lgan.

Esimda. Shohimardonni sel olib katta fojia ro‘y berdi. Voqelikning ertasiga bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, ikki kundan so‘ng Prezident Shohimardonga keldilar. Men har galgidek ularga hamrohlik qilardim. Juda tarang voqealar ham ro‘y berdi, o‘sha kuni. Bu boshqa mavzu.

Prezident qaytadigan samolyotda men ham bor edim. Hali samolyot ko‘tarilmay turib, Islom Karimov meni xonasiga (samolyotning old qismida shunday maxsus joy bor) chaqirtirdi. Keyin ortimdan Prezidentning matbuot kotibi kirib keldi. Prezidentni hech qachon bu ahvolda ko‘rmagan edim. Yuragimni qo‘rquv bosdi.

- O‘tir,- dedi u jahl bilan. – Shohimardonda shunday fojia ro‘y beribdi-yu menga bu haqda o‘z vaqtida aytishmadi. Men Prezident bo‘la turib 114 nafar fuqaro halok bo‘lsada, mamlakatda motam e’lon qilmasdan bu yerga ikki kun o‘tib keldim!

Islom Karimov oldidagi jurnal stoliga g‘azab bilan bir musht urgandi, stol sindi.

- Ularning-ku hali bahosini beraman, sen-chi, sen nega o‘z vaqtida xabar bermading?!

Men, aksincha o‘zimga keldim. Qo‘rquv tark etdi.
- Shohimardonni sel olgan tunda soat ikkilarda voqea joyiga yetib keldim. Lekin tasvirga tushirishni taqiqladilar. Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari yetib kelsin, u ruxsat bergandan so‘ng tasvirga olasan, dedilar.
- Kim aytdi?!
- ...
- Sendan so‘rayapman, kim aytdi?!
Men javobdan qochdim.
- Shunga qaramay yashirincha tasvirga tushirdim. Lekin axborotni yuborishga qo‘ymadilar. Bosh vazir o‘rinbosari esa ertasiga keldi, chunki o‘sha kuni u siz bilan Samarqandga borgan ekan...
Shunday deyishimni bilaman, Prezident yana bir bor stolni mushtladi. Endi u butunlay sinib tushdi.
- Atrofimdagilar xaqiqatni gapirmasa, sen vaqtida televizorda ko‘rsatmasang, men xaqiqiy ahvolni qanday bilay, gapir!!!

Hali-hali o‘sha voqeani eslab, Islom akaga qanchalar qiyin bo‘lganiga takror va takror iqror bo‘laman.

Biz o‘shanda Islom aka bilan uzoq suhbatlashdik. Bir payt menga qarab:
- Ie, nega tek o‘tiribsan, yozib qo‘y bu gaplarning hammasini. Vaqtlar kelar, o‘shanda e’lon qilasan, odamlar bilsin, Shohimardon uchun Prezident qanchalar iztirobda kolganini, atrofidagilar unga xiyonat qilganini, yoz, yoz.
Yon daftarim samolyotdayoq to‘layozdi. Samolyot Toshkentga qo‘ndi, chamasi 15 daqiqa o‘tdi hamki, iztirobli suhbat tugamasdi.

- Men kimga ishonay? Qobiljon sakkiz oydayoq qochib ketdi (Bosh vazir o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Qobiljon Obidovni nazarda tutardi prezident). Farg‘ona viloyati hokimi Mo‘minovni ... tavsiyasi bilan qo‘ygandik. Ishonchni oqlamadi,-dedi Prezident. Keyin menga biroz tikilib turdi-yu,
- Sen ayt, Farg‘onaga kimni hokim qilib qo‘ysak, ish yuradi?
Men indamadim. Islom aka takror so‘radi.
- Sendan so‘rayapman, kim Farg‘onaga hokim bo‘lsa shu viloyatni eplaydi?
Men yana indamay turaverdim. Qolaversa matbuot kotibi oyog‘imni bosib qo‘ydi. Bu «gapirma» degani edi.
- Ie, sen Farg‘onani bilasan deb so‘rayapman, nega jim turibsan?
Bu gal sabrim chidamadi. Viloyatdagi vaziyat, rahbar kadrlar haqida o‘zim bilgan va to‘g‘ri deb hisoblagan fikrlarni ochiq oydin to‘kib soldim. Va oxirida:
- Menimcha, Alisher Otaboyev sizning talabingizga javob beradigan rahbar bo‘la oladi, dedim.

Matbuot kotibi bu gal oyog‘imni qattiqroq bosdi. Og‘riqdan panjalarim zirqirab ketdi.
Prezident bir oz o‘ylanib qoldida, o‘rnidan turib yo‘lakka chiqar ekan:
- Ko‘ramiz, - deb qo‘ydi.

Trapdan tushdik. Islom aka mashinasiga o‘tiriyotib yana meni oldiga chaqirdi.
- Farg‘onaga qaytib borasanda, Jo‘rabekovdan intervyu olasan. Endi xalqqa hammasini o‘zi tushuntirib bersin!

Men yana tazyiq va so‘roq-savol ostida qoldim.
- Sen kimsanki, Prezidentga maslahatchilik qilasan!, deyishardi dag‘dag‘a bilan.
Bu voqeaga guvoh bo‘lganlardan tashqari (ular hozir ham amalda) yaratgan ham shohid. Men maslahatchi ham, «otdelkadr» ham emasdim. Prezidentning qistovli savoliga noiloj o‘ylaganimni aytib javob berdim xolos.

Ammo ...oradan ko‘p o‘tmay Farg‘onada bo‘lgan tashkiliy sessiyada Prezident viloyat hokimligiga Alisher Otaboyev nomzodini taklif etdi.

Bu kabi suhbatlar Quvada Ahmad al-Farg‘oniy ramziy qabr toshi o‘rniga haykal o‘rnatilishi, Andijonda Misr don urug‘larini sinab ko‘rish, Farg‘ona shahridagi sho‘rolar davrida qo‘yilgan ayol haykalini olib tashlash, Chimyon kurkachilik fabrikasiga borish, Kremldagi Georgiy zalida Boris Yelsin bilan uchrashuvdan so‘ng, 1991 yildagi Namangan voqealari chog‘i va yana ko‘plab holatlarda ro‘y bergan.

Har gal Prezident atrofidagilar, jumladan yuqorida tilga olingan holatlarda hamroh jurnalist fikrini inobatga olgandi. Men bilgan (1991-2005 yillar) Islom Karimov shunday inson edi. Vaqti kelib men bilgan, ishtirok etgan voqealar kundaligini chop etish ham nasib qilar. Lekin takror aytaman, Islom akada suhbatdoshini sabr bilan tinglay olishdek hammaga nasib etmagan insoniy fazilat mavjud edi. Iloyo oxiratlari obod bo‘lsin.

Islom aka omonatini yetkazuvchi,
Muhammadjon Obidov



Manba:kun.uz
Категория: MAHALLIY HABARLAR (UZB)
Просмотров: 5050 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Islom Karimov, Jurnalist xotiralar, qanday inson edi
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 11:49
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное