Joan Rouling “Garri Potter”ni yozgan stul 394 ming dollarga sotildi
Britaniyalik yozuvchi Joan Rouling “Garri Potter”ning dastlabki ikki tomini yozgan eman stul Nyu-Yorkdagi Heritage Auctions auksionida o‘zini oshkor etishni istamagan xaridorga 394 ming dollarga sotildi. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
1930-yilda tayyorlangan stul Rouling 1990-yillar o‘rtalarida yashagan Edinburgdagi munitsipal kvartirada bo‘lgan. O‘tirgich bo‘ylab “Men shu stulda o‘tirib ‘Garri Potter’ni yozganman” degan yozuv bitilgan. Stul suyanchig‘iga mazkur buyum haqida tashqi ko‘rinishiga qarab baho bermaslik haqidagi iltimos va Rouling dasxati tushirilgan.
Yozuvchi 2002-yildayoq stulni xayriya tashkilotiga topshirgan, oradan yetti yil o‘tib u 29 ming dollarga sotilgandi.