“Garri Potter va afsungarlar toshi” kitobi endi o‘zbek tilida
Britaniyalik taniqli adiba Joan Keyt Rouling qalamiga mansub Garri Potter haqidagi bestseller romanlarning birinchisi — “Garri Potter va afsungarlar toshi” ingliz tilidan o‘zbek tiliga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjima qilindi. Bu haqda tarjimon Jo‘raali Solijonovning o‘zi “Daryo”ga ma’lum qildi.
140 betdan iborat tarjima Termizdagi “Surxon-nashr” nashriyoti tomonidan 2015-yilda nashr qilindi. Taqrizchilar — filologiya fanlari doktori Poyon Bakirov, filologiya fanlari nomzodi Nasiba Panjiyeva, Termiz davlat universiteti o‘qituvchilari Abdulla Xudoyqulov va Shahnoza Qayumova bo‘lgan.
Garri Potter haqida jami yettita kitob — “Garri Potter va afsungarlar toshi”, “Garri Potter va Feniks ordeni”, “Garri Potter va olov Kubogi”, “Garri Potter va sirli xona”, “Garri Potter va Azkaban asiri”, “Garri Potter va tilsim shahzoda”, “Garri Potter va ajal tuhfasi” yozilgan. Sarguzasht asar tarkibidagi yettita kitobning mazkur yilgacha 500 millionga yaqin nusxasi sotildi. Birgina “Garri Potter va tilsim shahzoda” (oltinchi kitob) kitobining faqatgina AQShning o‘zida dastlabki 24 soat ichida 6,9 million nusxasi sotilgan. Yana bir qiziq ma’lumot, kitobning hatto sotilish tezligi ham aniqlangan: bir daqiqada 80 ta. Asar eng xaridorgir kitoblarning ro‘yxatidan tushmay kelmoqda.
“Garri Potter va afsungarlar toshi” romanini ingliz tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilishda O‘zbekistonda endi rivojlana boshlagan yangi “vizual tarjima” (rasmlar qo‘shib tarjima qilish) usulidan foydalanilgan.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Surxondaryo viloyat bo‘limi rahbari Mengnor Allamurodov asar haqida shunday dedi: “Joan Keyt Rouling qalamiga mansub mazkur fantastik sarguzasht roman jahon bolalar adabiyoti gultojidir. Uning filmlari haqida barchamiz eshitgan bo‘lsak-da, uning o‘sib kelayotgan o‘zbek farzandlari uchun mos keluvchi ona tilimizdagi bevosita tarjimasi yo‘qligi ko‘ngilni xira qilar edi. 2014-yilning dekabr oyida ushbu roman muallifiga uning tarjima qilinayotganligi haqida rasman xabar jo‘natildi va adibaning e’tirozi yo‘qligidan juda mamnun bo‘ldik. Yozuvchilar uyushmasi tomonidan ‘Yosh tarjimon’ maqomi berilgan Jo‘raali Solijonovning shu kungacha ta’lim sohasida ikki bora xalqaro grant sovrindori hamda ikkita ijtimoiy va ta’limiy loyiha asoschi va boshqaruvchilaridan biri, shuningdek, bir necha hikoyalarning ham tarjimoni. Uning bu asarni ingliz tilidan o‘zbek tiliga bevosita tarjimasi alohida e’tiborga molik, bu esa Surxondaryo viloyatida shu sohadagi rasman tan olingan ilk badiiy ish hisoblanadi, ya’ni viloyatimizda ingliz tilidan o‘zbek tiliga bevosita tarjima jarayoni boshlandi. Bu barchamiz uchun bir yutuq, deb bilaman. Tarjima asardagi so‘zlarning sodda va bo‘yoqdorlik xususiyatlaridan foydalanilgani, she’riy qismlаrining qolipni saqlab qola olganligi har qanday o‘zbek o‘quvchisi uchun osongina tushunarli bo‘la oladi”.
Yettita kitobdan iborat roman dunyo bo‘ylab jami 75 ga yaqin tilga tarjima qilingan. Endi esa bu asar tarjima qilingan tillar orasiga o‘zbek tili ham qo‘shildi va uni hozirgi o‘zbek adabiy tilida o‘qish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Tori lekin kitobdan ancha narsa osa bo'ladi. Chunki kinoga olishvotkanda ayrim joylarini kesib tashashlari ili ozlaridan qo'shishlari mumkin. Kitobdan bo'sa muallif tilidan o'qimiz