Har bir ota-ona farzandini uylantirar yoki uzatar ekan, yoshlarning yaxshi yashab ketishlarini, qo‘sha qarishini orzu qiladi. «Sinalmagan otning sirtidan o‘tma», degan maqol bejizga aytilmagan. Xalqimizda biror oila bilan quda-andachilik rishtalarini bog‘lashdan avval, albatta, bo‘lg‘usi kelin yo kuyovning yetti pushtigacha surishtirish odat tusini olgan.
Odatda biror xonadonga kelin tushirib kelingach esa, qaynona unga o‘z oilasidagi qonun-qoidalarni o‘rgatishga tushadi. Chunki har bir xonadonda o‘ziga yarasha tartib-intizom bor.
Lekin Gulnisoning oilaviy hayoti umuman boshqacha boshlandi. Otasi olis o‘lkalarga ishlagani ketgandi. Onasi, singlisi va ukalari bilan katta shaharda, ijara uyda turishardi. Oila boshlig‘idan anchagacha hech qanday xat-xabar bo‘lmagach, bir kuni ammasi Gulnisoning onasini yoniga chaqirdi:
-Mahallamizda bir yigit bor, uyidagilar qiz qidirib yuriibdi. Qiz bolaning tengi chiqsa, tekin berish kerak. Eringizdan darak kutib o‘tiraversangiz, qizingizning yoshi o‘tib qoladi. Agar yoshlar bir-biriga ma’qul kelsa, oddiygina bo‘lsa-da to‘yni o‘tkazaversak!
Amma shunday deya kelinning suratini o‘zi bilan olib ketdi. Ikki yosh uchrashishdi. Bir ko‘rishda es-hushlarini yo‘qotgudek bo‘lmasa-da, har qalay yoshlar bir-biriga ma’qul tushdi. Qaynona bo‘lmish: «Endigina erimning yilini berdik. Shuning uchun katta to‘y qilmaymiz” deyishdi. Bu to‘y sarf-xarajatlarini o‘ylab, taraddudlanayotgan kelin tarafga ham ma’qul keldi. Xullas, sarf-xarajatsiz, sarpo-suruqsiz to‘y bo‘lib o‘tdi.
To‘ydan keyin Gulniso bir begona olamga tushib qolgandek bo‘ldi. Kelin bo‘lib tushgan xonadonining tutumi, turmush tarzi umuman boshqacha ekan. O‘ziga to‘q xonadon. Shaharda ikkita uyi, tumanda hovlilari bor edi. Lekin oila a’zolari orasida bir-biriga nisbatan mehr sezilmasdi. O‘zaro gaplashganlarida ham, ana shu sovuqchilik sezilib turar, «bu mening pulim, u sening puling», qabilidagi mayda-chuyda gaplar tez-tez quloqqa chalinardi. O‘z uyida bunday ayirmachilikni ko‘rmagan Gulniso anchagacha bu “odat”larga ko‘nikolmay yurdi.
To‘ydan keyingi ilk kunlarda, kelinning yaqinlari uy-joysiz ekanligi, birovlarning uyida yashashini eshitgan qaynonaning o‘takasi yorildi:
-Bu uy-joylar hammasi qizimning nomida. O‘g‘lim ham bu yerda ro‘yxatda turmaydi. Shuning uchun sizni ham “propiska”dan o‘tkazolmaymiz.
O‘z uyida kattalarning gapini qonun o‘rnida qabul qilib o‘rgangan Gulniso qaynonaning bu talabini ham so‘zsiz qabul qildi.
Biroq, bu bu bilan qaynonaning “xurmacha” qiliqlari” tugamadi. Yangi kelinning har bir ishidan xato topadigan, qildan qiyiq axtaradigan bo‘lib qoldi. Ovqat seryog‘roq bo‘lib qolsa, albatta qaynonaning ovozi ko‘tarilib qolardi:
-Kelinposhsho, otangiz chet eldan tonnaab yog‘ jo‘natib qo‘ymagandir?
Bordi-yu, ovqatning yog‘i kamroq bo‘lsa ham kelin balogardon edi:
-Yo‘qchilikda obi yovg‘onni ichib o‘rganib qolgansizda, o‘rgilay. Nima bu ovqatmi yo yuvindimi?
Qaynonasining biror gapiga e’tiroz bildirgudek bo‘lsa, “hali mushtdek boshingiz bilan gap qaytaradigan bo‘p qoldingizmi?” deb og‘ziga urar, har gapini bosh egib, jimgina ma’qullasa ham yana boshi baloga qolardi: “indamasdan innov balo chiqadi, deb sizni aytadilar-da! Odam degani ham shunaqa pismiq bo‘larkan-da!”
Ertalab chap yoni bilan uyg‘onib qolsa bormi, sochlarini to‘zg‘itib o‘tirgan joyida janjalni boshlardi:
-Shu uyni egasi bo‘lib, ochimdan o‘laman shekilli. Odamga o‘xshab ertalab choyga chaqirish ham yo‘q.
-Voy oyijon, ikki marta chaqirib keldim-ku?
-Hali chaqirganingizni minnat ham qilasizmi? Til uchida “yuring choyga” deb ketishni qo‘shnining kelini ham eplaydi. Taklif ham sal ko‘ngildan chiqishi kerak-da!
Xullas o‘tirsa o‘poq, tursa so‘poq edi.
Gulniso bu haqda eriga ham bir-ikki og‘iz ochgandi. Ammo, shu yoshga kirib onasining izmidan chiqmagan eri bir marta bo‘lsin, ayolining iltijolariga quloq osmadi.
-Nima desang de. U kishi meni tuqqan onam. Ra’ylariga qarshi borolmayman. To‘g‘ri biroz injiqliklari bor. Biz ham chidab yuribmizku!
Qaynona bir-ikki marta Gulnisoning eriga shikoyat qilganidan xabar topganmi, har qalay naq qiyomat-qoimni boshladi:
-Hali, sen o‘z o‘g‘limga meni yomonotliq qiladigan bo‘ldingmi? Senga o‘xshab, ko‘chadan kelib, to‘r meniki deydiganlarni ko‘pini ko‘rganman. Bilib qo‘y, o‘g‘lim men nima desam, shuni qiladi. Uni o‘z yo‘rig‘imga solaman, deb ovora bo‘lma. Bir og‘iz aytsam, ko‘chaga chiqarib tashlaydi. Qani, keyin kimning uyiga sig‘indi bo‘lib borarkinsa?
Bu gaplardan Gulnisoning yuragi orqaga tortib ketdi: «Chindanam uydan quvib chiqarsa nima qilaman? Bu sharmandalik-ku. Odamlar nima deb o‘ylashadi?» shu-shu eriga bu haqda og‘iz ochmaslikka qaror qildi.
Bir kuni ertalab qo‘lida bir shisha suv ko‘tarib olgan qaynonasi Gulnisoga tez kiyinishni buyurdi. Hech narsani so‘rashga botinolmagan Gulnisoga unga ergashdi. Ikkalasi birga ko‘chaga chiqishdi. Ulovga o‘tirib, shaharning boshqa chekkasiga yo‘l olishdi. Manzilga yetib kelishgach:
-Borgin, anavi «dom»ning yoniga borib, Ahad degan yigit qaerda yashashini so‘ragin. U bizdan katta pul qarz olgandi, qaytarmadi. Yashayotgan uyini topsak, eshigi yoniga mana bu suvni sepamiz. Keyin qarzimizni, albatta, qaytaradi!
Gulniso ilgari “issiq-sovuq” haqida eshitgan, biroq, bu ish og‘ir gunohlardan biri ekanini ham yaxshi bilardi. Ayni paytda uu nima qilarini bilmay qolgandi. Nazaida kimdir uning qo‘liga pichoq tutqazib, “falonchini o‘ldirib kel” degandek oyog‘iga titroq kirgandi:
-Namuncha qoqqan qoziqdek turib qoldingiz, borsangiz-chi? – past, ammo tahdidli ovozda pichirladi qaynona.
Gulniso uy oldiga borib, yaqin atrofdagi odamlardan qaynonasi aytgan yigitni surishtirdi. Biroq hech kim bunday yigitni tanimasdi.
-Bo‘lmasa, hu-u, anavi «dom»ning old tomoniga o‘tib, raqamini ko‘rib keling!
Kelin itoatkorlik bilan boshqa «dom» sari yo‘l oldi. Xuddi o‘g‘rilardek orqa-oldiga qarab ketayotganda kutilmaganda ro‘parasidan bahaybat it akillagancha unga qarab kela boshladi. Gulniso itni ko‘rdiyu, turgan yerida qotib qoldi. Qochay desa oyog‘i yerga mixlangandek. Shu payt undan ancha narida turgan qaynonasiga qaradi. Chamasi u keliniga zaharxanda bilan iljaygancha qarab turardi.
Shu choq qaerdandir bir qariya paydo bo‘ldi-yu, yerdagn tosh olib, haligi itga qarab irg‘itdi. It lo‘killagancha ortiga qaytdi.
Xullas, o‘sha kuni izlagan odamlarini topisholmadi. Shunday bo‘lsa ham qaynonasi qo‘lidagi idishning suvini yigit yashaydigan ko‘chaga to‘kib chiqdi:
-O‘zi siz bilan ishim unmasligini sezmasdim. Mayli, bo‘lar ish bo‘ldi. Baribir mana shu ko‘chadan o‘tadi-ku. Suv to‘kilgan joyni bosib o‘tsa, dam-duo ta’sirini o‘tkazadi.
Gulniso keyinchalik, bildiki, qaynonasi bunday ishlarga ustasi farang ekan. Kunda-kunora folbin-u azayimxonlarga qatnarkan. Uyida ham antiqa-antiqa odatlarga ko‘zi tushadigan bo‘ldi: Bir qarasa, gaz plitani yoqib, ustiga otning taqasini qizdirib qo‘yadi, bir qarasa, derazaning shamol o‘ynaydigan joyiga arabiy harflar bitilgan qog‘oz parchalarini shamolda hilpiratib osib qo‘yadi. Shakar, quruqchoy, tuz haqida-ku gapirmasak њam bo‘ladi. Bularning barchasiga «dam» soldirib kelgan.
-Kelin, choyni qaytarmang, aks holda o‘z kuchini yo‘qotadi…
-Kelin, hammomda tog‘orada turgan suvni daraxtning tagiga to‘king. U dam solingan suv.
Qaynonasi uyga kelgan-ketganlardan ham gumonsirashni kanda qilmasdi. Begonalarni uyiga kiritishmas, qo‘shnilar bilan oldi-berdi qilishmasdi.
Gulniso bir kuni onasining uyiga borib kelganida, qaynonasi uni ostonada to‘xtatdi:
-Qani, to‘g‘ri mana bu uyga o‘ting. Sumkangizni o‘sha yerga bo‘shating. Bizni «issiq-sovuq» qilib kelgan bo‘lmang tag‘in!
Gulnisoning sumkasidan biror “shubhali” buyum chiqmagach, nochor uyga kiritdi...
Onasining folbinu qushnochga yugur-yugurlari farzandlarining ham miyasini zaharlab bo‘lgandi:
-Kalitimni ishxonada unutib qoldiribman, - dedi bir kuni eri dasturxon boshida. – esim kirdi-chiqdi bo‘lib qoldi keyingi paytlar. Kimdir meni “bog‘lab” tashladimi, deb qo‘rqyapman.
-Bilmasam, ana xotiningdan so‘ra, qo‘lidan hamma ish keladi, - deya Gulnisoga imo qildi qaynona.
Bora-bora oila a’zolari biror uzoqroq joyga mehmonga borishsa, Gulnisoni ammasining uyiga jo‘natadigan bo‘lishdi.
-Biz mehmonga ketayapmiz. Siz buguncha ammangiznikiga borib turing!
-Nimaga? Tushunmadim?
-Har qalay, hozir hamadan har narsani kutsa bo‘ladi. Ehtiyot shart-da!
...Shu kuni Gulniso ko‘z-yoshlarini oqizgancha, lash-lushini bir tugunga joylab, onasinikiga yo‘l oldi.
-Oyijon, o‘lar bo‘lsam o‘lib bo‘ldim, pichoq suyakka qadaldi. Bir umr uyda o‘tirsam ham mayli, lekin o‘sha uyga meni qaytib borgim yo‘q.
Qizining dardu hasratini tinglagan ona har qancha og‘ir bo‘lmasin, ko‘ndi:
-Tor qornimga siqqan, keng uyimga sig‘maysanmi? Mayli, seni sig‘dirmagan uyga jo‘natib, toshbahir odamlarga tashlab qo‘ydigan qizim yo‘q.
Ha, hayotning issiq-sovug‘iga ko‘nikib kelgan qiz qaynonaning “issiq-sovuq”lariga chidolmadi. U onasining yoniga qaytib to‘g‘ri qildimikin? Siz nima deysiz aziz mushtariy?
G. Ayupova
Eslatib o‘tamiz, xar yakshanba muxlislar kuni bo‘lib, o‘z muammo yoki ko‘ngil kechinmalari bilan bo‘lishib, keng omma bilan xal qilishga imkoniyatingiz bor.
tarona.net@bk.ru pochtasiga voqea yoki muammoingizni yozib yuborishingiz yoki @TaronaSupportBot manziliga telegramdan voqeangizni yuborishingiz mumkin.
Bunda sizni telefon raqamingiz ko‘rinmasligi va sizni voqeangiz anonim tarzda chop etilishiga kafolat!
Diqqat! Saytga chop etilib bo‘lingan maktub keyin talabga binoan olib tashlanilmaydi!
Voqeangiz sayt orqali keng ommaga chiqishi va xalqdan turli maslaxatlar bo‘lishini bilib turib jo‘natdingizmi, o‘zingiz kutmagan va yoqtirmagan maslaxatni olib keyin olib tashlang deyish mantiqsiz!
|