Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning o‘g‘li Pyotr Karimov o‘ziga tegishli haqni ololmay, “O‘zbekiston havo yo‘llari”ni sudga bergani haqida xabar bergan edik.
Ko‘plab foydalanuvchilar ushbu xabarga, to‘g‘riroq qilib aytadigan bo‘lsak, Islom Karimovning o‘g‘li bo‘lgani haqidagi ma’lumotga aniqlik kiritilishini so‘rab, murojaat qildilar. Boisi, doim Islom Karimovning ikki qizi bo‘lgani aytib kelingan. O‘g‘li haqidagi gaplarga esa mish-mish sifatida qaralgan.
Gap shundaki, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov Tatyana Akbarovnadan avval, 1960 yillar boshida Natalya Petrovna Kuchma bilan turmush qurgan. 1969 yilda esa ular o‘g‘il farzandli bo‘lishgan. Unga Pyotr deb ism berilgan.
Oradan ko‘p o‘tmay, oilaviy munosabatlarga darz ketgan. Islom Karimov Tatyana Akbarovna Karimova bilan turmush qurgan. Ularning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova 1972 yilning 8 iyul kuni, kenja farzand Lola Karimova esa 1978 yil 3 iyul kuni dunyoga kelgan.
Islom Karimovning 3 farzandidan 6 nabirasi bo‘lgan. Bulardan biri o‘g‘li Pyotrdan, qolgan 5 nafari qizlarining farzandlari. Gulnora Karimovaning Islom ismli o‘g‘li va Imon ismli qizi bor. Lola Karimova esa Maryam, Sofiya va Umarning onasi.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning o‘g‘li Pyotr haqida rasmiy manbalarda 2017 yilning avgust oyigacha ma’lumot berilmagan. O‘sha vaqtlarda ishga tushirilgan Islom Karimov yodgorlik majmuasining saytidagi tarjimai holda Islom Karimovning farzandlari uch nafar, nabiralari esa olti nafar qilib ko‘rsatilgan.
Islom Karimovning birinchi rafiqasi Natalya Kuchma 2008 yilda vafot etgan. O‘g‘li Pyotr Karimov esa Rossiyaning Moskva viloyatida istiqomat qilib keladi.