“Matrisa” filmi prodyusserlari Muhammad Payg‘ambar haqida film olishadi
Qatarning “Alnoor Holdings” media-guruhi payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v)ning hayot yo‘li haqida hikoya qiluvchi film suratga olish bo‘yicha tayyogarlik ishlari boshlanganini e’lon qildi. Qatarda suratga olinishi rejalashtirilgan mazkur film byudjeti 1 milliard dollar. Bu film rekord summa sarflangan “Harri Poter”, “Uzuklar hukmdori”, “Avatar” singari filmlar qatoriga kirishi kutilmoqda.
Ushbu 7 qismli film loyihasida “Uzuklar hukmdori”, “Matrisa”, “Cho‘qintirgan ota” singari filmlarning prodyuseri Barri Osborn ham ishtirok etmoqda. Septologiyaning birinchi filmi 2018 yilda katta ekranlarga chiqariladi.
“Alnoor Holdings” media-guruhining ijrochi prodyusseri doktor Azahar Iqbolning ta’kidlashicha, loyihaga turli mamlakatlardan 200 nafardan ortiq ekpertlar, olim va yozuvchilar jalb qilingan bo‘lib, ular Rasuli Akram (s.a.v) haqidagi 7 qismli filmning har tomonlama mukammal bo‘lishi ustida ish olib borishmoqda.
Alohida jihati shundaki, qoidaga muvofiq, payg‘ambarimiz tasvirlari ko‘rsatilmaydi. Biroq murakkab grafikalarga boy bo‘lishini va’da qilishmoqda, deb yozadi muxlis.uz portali.