Yarim yilcha vaqt davomida ijod sahnasida ko‘rinmay qolgan
"Benom” guruhi yigitlari Sarvar va Komil yangi film yaratgani haqida "Sayyod”
nashri ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, filmning ishchi nomi "Yurak yig‘lar” bo‘lib,
bosh rollarda Sarvar va Komilning o‘zidan tashqari, Zarina Nizomiddinovani ham
ko‘rish mumkin. Kartina g‘oyasi va ssenariysi ham yigitlarga tegishli. Uni
suratga olish ishlari Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tdi, deyiladi
xabarda.
Ma’lum bo‘lishicha, film "ikki o‘t orasidagi muhabbat haqida
so‘zlaydi”. "Benom” guruhining yangi ijodiy qirrasi mahsuli tez kunlarda
tomoshabinlar e’tiboriga havola etiladi.
Ta’kidlash joiz, Sarvar va Komil qo‘shiq kuylashdan
tashqari, ularga she’r yozish va kuy bastalash bilan ham shug‘ullanadi. Shu
vaqtgacha o‘zbek estradasidagi ko‘plab yorqin yulduzlar, jumladan Shahzoda va
Lola ularning xizmatidan foydalangan.