“Islom davlati” rahbarining halok bo‘lganini tasdiqladi
“Islom davlati” terrorchilik guruhi o‘zining harbiy rahbarlaridan biri bo‘lmish Umar ash-Shishaniyning halok bo‘lganini tasdiqladi, deb xabar berdi “Vesti.ru” nashri.
Terrorchilar bergan ma’lumotga ko‘ra, ash-Shishaniy Iroqda, Mosulning janubida bo‘lgan jang vaqtida halok bo‘lgan. Hukumat qo‘shinlari Iroqda Mosulni terrorchilardan ozod qilish uchun jang olib bormoqda. Harbiylarning so‘zlariga qaraganda, ular jang qilib, Tigr daryosidan kechib o‘tgan va muhim aholi punktlaridan birini “Islom davlati” terrorchilik guruhidan ozod qilgan. Terrorchilar orasida Umar ash-Shishaniy deb nom chiqargan jangari 1986 yilda Gruziyada tug‘ilgan bo‘lib, haqiqiy ismi-sharifi Tarxan Batirashvilidir. Uning otasi gruzin, onasi esa kistin millatiga mansub. Tarxan Batirashvili 2013 yilda Suriya shimolida “Islom davlati” terrorchilik guruhiga komandir qilib tayinlangan. O‘tgan yilning may oyida AQSh davlat departamenti u haqda ma’lumot bergan odamga besh million dollar mukofot puli berishga va’da bergan edi. Batirashvili terrorchilik guruhi “kengashi a’zosi” va Suriyaning Al-Tabka shahrida joylashgan chet ellik garovga olinganlar saqlanadigan qamoqxonaga rahbarlik qilgan, bundan tashqari guruhning moliyaviy ishlarini ham yuritgan.