Amerika harbiy havo kuchlari bombardimoni tomonidan Afg‘onistonda terrorchilar tashkil etgan “Xalifat ovozi” radiostansiyasi portlatildi, deya xabar beradi Amerikaning ABC News telekanali.
NATOning Afg‘onistondagi rasmiy vakili, polkovnik Mayk Louxorn 1 fevral kuni Amerika harbiylari Afg‘onistonning Nangarxar viloyatida in qurgan terrorchilarga qarshi kuchli havo zarbalari berilganligini tasdiqladi.
Xabarlarga ko‘ra, 21 nafar terrorchi halok bo‘lgan, ulardan 5 nafari radiostansiyada faoliyat yuritgan.
Afg‘onistondagi aholining 90 foizida televizor, internet yo‘qligi bois ushbu radiostansiya mamlakatda juda mashhur bo‘lgan.
Afg‘onistonda 175 ga yaqin radiostansiya mavjud. “Xalifat ovozi” radiostansiyasi yoshlarni terrorchi guruhlarga jalb etish, ya’ni tashviqotlar bilan shug‘ullangan. “Islom davlati” terrorchilari Afg‘oniston bilan Pokiston chegarasida yangi “Xalifat” deb nomlangan muzofotni barpo etishni mo‘ljallagan.