Amerikaning Google kompaniyasi Parkinson xastaligiga chalingan bemorlar uchun “aqlli qoshiq” (Liftware Spoon)ni sotuvga chiqarganini e’lon qildi, deb xabar bermoqda“Kun.uz”. U bemorlarga qo‘llari qattiq qaltirashiga qaramasdan o‘zlari mustaqil ovqatlanishlari imkonini beradi.
Mazkur qoshiqni Google sentabr oyida sotib olgan Lift Labs deb nomlanuvchi innovatsion tibbiyot uskunalari kompaniyasi injenerlari yaratishdi. Ular uskuna foydalanuvchining qo‘li holati va qaltirashini aniq hisob-kitob qilib, shunga qarab moslashishi uchun yuzlab algoritmlardan foydalanishdi. Lift Labs vakillarining bildirishicha, maxsus dasta tufayli ovqatlanilayotgan paytda qoshiqning qimirlashi 76 foizga kamayadi.
“Mening o‘zlari mustaqil ovqatlana olmaydigan va yordamga muhtoj bemorlarim bor, yangi uskuna orqali ular endi birovlarning yordamiga ehtiyoj sezmaydi. Uskuna tashxisga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi, lekin bemorlar hayotida muhim o‘zgarishlarga sababchi bo‘ladi”, – dedi San-Fransiskodagi Kaliforniya universiteti nevrologi Jill Ostrem.
Los Angeles Times gazetasining xabariga qaraganda, Lift Labs hozirda boshqa uskunalar, xususan, pichoqlar va ruchkalar uchun maxsus qurilmalar yaratish ustida ish olib borishmoqda.
“Biz odamlarning kundalik turmushlarida yordam bermoqchimiz va ehtimol, Parkinson xastaligi haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lamiz”, – dedi Google vakili Ketrin Jabbari. Kompaniya vakilining aytishicha, qoshiqning narxi 295 dollarni tashkil etadi.
Parkinson xastaligi markaziy asab tizimi kasalligi bo‘lib, bunday bemorlarda qo‘l, bosh qaltirashi, yurish va nafas olishning buzilishi kuzatiladi. Uning davosi topilmagan, lekin zamonaviy tibbiyot bemorning hayotini uzaytirish imkonini beradi.