Favqulodda vaziyatlar vazirligi zilzila ro‘y berishidan ogohlantirmoqda?!
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligidan odatda kuz-qish mavsumida ko‘chki yoki sel xavfi borligi haqida mobil operatorlar abonentlariga SMS xabarlar jo‘natadi. Avvallari ba’zi kishilar bunday turdagi SMS’lar kelishini taqiqlash uchun sozlamalarni ham o‘zgartirishgan.
Ayni paytda esa FVV, ya’ni MCHS nomidan kelayotgan har bir xabar muhim ma’lumotni ham berishi mumkin. Bugun, ya’ni 30 noyabr kuni yurtdoshlarimizga FVVdan quyidagi mazmundagi SMS yuborildi:
“Po pros’bam grajdan informiruem, chto na veb-sayte MCHS (fvv.uz) v rubrike CHS:Kak deystvovat’ razmesh’ene Pamyatka naseleniyu o deystviyah pri zemletresenieh”
Bir qarashda oddiydek tuyulgan bu xabarni ko‘pchilik darhol o‘chirgan bo‘lsa, ajab emas. Ba’zilar esa yuz berishi kutilayotgan xavfdan o‘ziga xos ogohlantirish oldi.
Bu SMS’ning mazmuni qanchalik ahamiyatga egaligini aniqlash maqsadida FVV “Ishonch telefoni”ga qo‘ng‘iroq qildik. Vazirlik tomonidan yo‘llanilayotgan xabarlar borasida so‘raganimizda, go‘shakni ko‘targan xodim bunday SMS xabarlar shunchaki ma’lumot uchun yo‘llanilayotganini ma’lum qildi.
“Bunday xabarlarni bo‘rttirish yoki o‘zgacha yondashish shart emas. Bir necha kun avval, Toshkentda yer silkinishi bo‘lgan edi. Shundan so‘ng biz bunday ma’lumotni tarqatishga qaror qildik. Bundan tashqari, shu kunlarda davlat telekanallari orqali zilzila ro‘y berganda, qanday harakat qilish lozimligi haqida dastur efirga uzatiladi. Unda FVV tomonidan tayyorlangan videoroliklar namoyish etiladi”, deydi FVV xodimi.