Chorvoq suv omboridan katta hajmli suvning chiqishi natijasida Chirchiq daryosida suv sathi keskin ko‘tarildi.
18 may kuni 17:40 da Chorvoq suv omboridan soniyasiga 800 kub metr suvning chiqishi Chirchiq daryosida suv sathining keskin ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi.
FVV matbuot xizmatining xabar qilishicha, soat 23:30 da Chirchiq daryosining Quyichirchiq tumani hududining chap qirg‘og‘ida qirg‘oqlarning yemirilishi va qisman qirg‘oqlarga suv chiqishi kuzatilgan. Bu esa «Abay» QFY «Tojik ovul» mahallasidagi 28 ta xonadonda (132 nafar fuqaro) suv bosish xavfi kelib chiqqan. Shuningdek, «Yangi hayot» QFY «Oxunboboyev» aholi yashash punktidagi 8 xonadonning hovlisiga suv kirgan, ammo ularning asosiy yashash uylariga zarar yetmagan.
Voqea sodir bo‘lgan joyga Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Toshkent viloyati hokimiyati, O‘zgidromet, O‘zavtoyo‘l, IIB xodimlaridan iborat tezkor Shtab tashkil qilingan.
50 nafar ishchi xodim, 7 ta yuk mashinasi, 3 ta pogruzchik, 1 ta avtokran, 1 ta buldozer jalb qilinib, 35 m qirg‘oq joyiga qirg‘oqlarni mustahkamlash ishlari olib borildi. Qirg‘oqlarni mustahkamlash ishlari davom ettirilmoqda,deb yozadi Gazeta.uz