Farg‘onada aka singlisini kamar bilan urib o‘ldirdi
8 aprel kuni Farg‘ona viloyatining Furqat tumanida akasi tomonidan kaltaklangan singil olamdan o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabar bermoqda.
Xabarda aytilishicha, o‘tgan haftaning yakshanba kuni soat 01:30 larda, To‘rg‘ay qishlog‘ida yashagan, 24 yoshli S.Mamajonova sog‘lig‘i yomonlashib, to‘satdan vafot etadi.
Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida S.Mamajonovaning akasi 32 yoshli I.Mamajonov uyidagi janjal oqibatida singlisining yuzi, qo‘li va badaniga kamari bilan urganligi aniqlangan.
Buning oqibatida S.Mamajonovaning buyragi kuchli zarbalardan so‘ng shikastlanib yorilib ketadi. Ichki qon ketishi tufayli sog‘lig‘i battar yomonlashib, yakshanba kuni vafot etadi.
O‘z singlisining o‘limiga sababchi bo‘lgan “aka” I.Mamajonov hozirda qo‘lga olingan.