Facebook “Yandeks” uchun asosiy yangiliklar manbai bo‘ldi
Facebook va Twitter ijtimoiy tarmoqlari “Yandeks.Novosti” servisi uchun asosiy axborot manbalariga aylandi, deya xabar bermoqda “RBK”. Shu bilan birga, an’anaviy OAVlar hissasiga barcha axborotlarning jami 68 foizi to‘g‘ri keldi.
Facebook “Yandeks.Novosti”ga so‘nggi oy ichida barcha xabarlarning 8 foizini, Twitter esa qariyb 5 foizini yetkazgan.
Dekabr oyida “Yandeks.Novosti” yangiliklarning asl manbasini topish imkoniyatini beruvchi “Barchasi nimadan boshlandi” degan yangi funksiyasini sinovdan o‘tkaza boshladi. “Yandeks” texnologiyasi yangiliklar manbalarini an’anaviy OAVlarda ham, turli idoralar rasmiy saytlarida ham, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda ham qidirish imkonini beradi.
Bir oy ichida yangi funksiya yangiliklarning 3600 ta asl manbasini topishga yordam berdi. Yangiliklarning 40 foizi Rossiya nashrlari, 28 foizi chet el nashrlari hissasiga to‘g‘ri keldi. Barcha yangiliklarning 16 foizida asl manba rasmiy saytlar va ijtimoiy tarmoqlar bo‘lib chiqdi, shu bilan birga, Facebook va Twitter barcha manbalar ichida dastlabki ikkita o‘rinni egalladi.