Qaynonaning xizmatini qilib, duosini olish o`rniga uni urib, ko`nglini ranjitgan kelinning ota-onasi, farzandlari endi mahallada qanday bosh ko`tarib yuradi?
Mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatlarning oldini olish bo`yicha amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar ayrim hududlarda yuz berishi mumkin bo`lgan jinoyatlarning oldini olib, sodir etilgan jinoyatlarni o`z vaqtida aniqlashga xizmat qilayotir. Ko`plab huquqbuzarlarni sog`lom hayotga qaytarmoqda.
Biroq ayrimlarning arzimas bahona sabab, yoki ichkilik oqibatida janjal chiqarib, qo`ni-qo`shnisi, yaqinlari, tanish-bilishlariga qasddan shikast etkazayotgani, mahalla-kuyda jinoyatchi, degan nom orttirayotgani ayanchlidir.
Ma`lumotlarga ko`ra, joriy yilning o`tgan davrida Surxondaryo viloyatida umumiy jinoyatlar o`tgan yilning shu davriga nisbatan kamaygan. Jinoyat sodir etilmayotgan mahallalar soni ham kengaymoqda.
Lekin badanga qasddan og`ir, o`rtacha darajada shikast etkazish jinoyati ko`paygani qayd etildi. Masalan, Sherobod tumanining “Mehnatobod” mahallasida yashovchi ishsiz o`ttiz yoshdagi A.Yomg`irov (ism-shariflar o`zgartirildi) 42 yoshdagi mahalladoshi F.Nolievni “tomorqamdagi bedani o`rib, payhon qilyapsan” deb, qo`lidagi o`roq bilan duch kelgan joyiga urib, uning hayoti uchun xavfli tan jarohatini etkazadi. Axir, qachondan buyon tomorqadagi beda inson hayotidan, ajdodlarimiz ulug`lab kelgan mehr-oqibat, murosa kabi xislatlardan aziz bo`lib qoldi? Yoki A.Yomg`irovning bu xatti-harakati dunyo ahli havas qiladigan milliy qadriyat va urf-odatlarimizga yarashadimi?
Angor tumanidagi “Zartepa” mahallasida sodir bo`lgan mana bu hodisa ham odamni chuqur mushohada yuritishga, spirtli ichimliklarning salbiy oqibatlaridan to`g`ri xulosa chiqarishga undaydi. Yaqinda 56 yoshdagi S.Yarashev o`z uyida mahalladoshi 57 yoshdagi Q.Mo`talov bilan spirtli ichimlik iste`mol qiladi. Shirakayf bo`lgach, mezbon ham, mehmon ham yoshlik davrini qumsab qoladi. Kuch sinashmoqchi bo`ladi. Xonada o`zaro kurash tushayotganida bir-biri bilan tortishib qoladi. Shu payt S.Yarashev hovliga chiqib, tandir yonida turgan temir kosov bilan “mehmoni”ning yuz sohasi va tana a`zolariga urib, og`ir tan jarohati etkazadi. Soch-soqoliga oq, yuziga keksalik ajini tushgan bu kimsalarning farzandlari, nevaralariga, mahalla yoshlariga ibrat bo`lish o`rniga spirtli ichimlik ta`sirida yuzi shuvut bo`lganini, mahalla-kuyga “tomosha” ko`rsatganini qanday tushunish mumkin?
Termiz shahrida yashovchi 26 yoshdagi S.Turdiev Qumqo`rg`on tumani “Surxon sohili” mahallasida yashovchi onasidan hol-ahvol so`rash uchun uning uyiga borganida onasi bilan ajrashib ketgan shu mahallada yashovchi otasi T.Nizomov janjal chiqaradi. Shu payt Termizdan borgan o`g`li stul bilan otasining bosh va badan sohalariga urib, hayot uchun xavfli bo`lgan og`ir tan jarohatlari etkazadi. Hayotda adashgan ota bilan onani yarashtirib qo`yish, nizo va tortishuvlariga barham berish o`rniga o`g`ilning otani rosa do`pposlaganini qanday tushunish mumkin? Bu S.Turdievga bolalikdan to`g`ri tarbiya berilmaganining, uydagi janjal ta`sirida ulg`ayganining ayanchli oqibati emasmikan?
Denov tumanidagi “Chim” mahallasida yashovchi 56 yoshdagi O.Qozievaning qo`l va badan sohasiga o`zi bilan birga yashovchi kelini N.Chorieva do`pposlab, o`rtacha og`irlikda tan jarohati etkazganini qanday tushunsa bo`ladi? Qaynonaning xizmatini qilib, duosini olish o`rniga uni urib, ko`nglini ranjitgan kelinning ota-onasi, farzandlari mahallada qanday bosh ko`tarib yuradi? Bu haqda esa N.Chorieva qaynonasiga tan jarohati etkazib, jinoyatga qo`l urishdan avval o`ylab ko`rishi lozim edi.
Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo`zg`atilgan.
O`zA