O‘zgidromet markazi mamlakatda yakunlanib borayotgan hafta so‘ngida qanday ob-havo kuzatilishi haqida ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, ertaga, shanba – 14-dekabr kuni O‘zbekiston hududining ayrim joylariga qorga aylanadigan yomg‘irli sovuq va nam havo oqimlari kirib keladi.
Havo harorati kechasi 2 daraja sovuq bilan 3 daraja iliq o‘rtasida bo‘ladi, kunduzi esa 3-5 daraja iliqdan oshmaydi. Bu qishning dastlabki oyi shu kuni uchun xos bo‘lgan harorat me’yoridan 3-5 darajaga past.
Yakshanba – 15-dekabr kuni sovuq havo yog‘ingarchilikni surib chiqaradi, tungi va ertalabki soatlarda tuman hosil bo‘lib, ayrim joylarda ko‘rinish yomonlashishi mumkin. Tungi sovuq 3-5 darajagacha yetadi, kunduzi harorat 0-5 daraja iliq atrofida bo‘ladi. Bu shu kun uchun normal harorat me’yoridan past.