Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Trassning ta’kidlashicha, barcha narsa Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishni rejalashtirayotganiga ishora qilmoqda. U Welt gazetasiga bergan intervyusida London hujum amalga oshirilgudek bo‘lsa, Rossiyaga nisbatan “qattiq sanksiyalar”ni joriy etishni Yevropa Ittifoqi va G7 davlatlari bilan kelishib olganini ma’lum qilgan.
Trassning aytishicha, Donbassda sodir bo‘layotgan voqealarning barchasi “juda xavotirli”. Uning so‘zlariga ko‘ra, “bu katta ehtimol bilan Rossiyaning hujum qilishiga olib keladi”. “Yon bosishlar Rossiyani hujumdan to‘xtatib qolmaydi. Biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlash orqali kuchimizni ko‘rsatishimiz kerak. Favqulodda vaziyat yuzaga kelgan taqdirda biz qattiq sanksiyalar paketi mavjudligini ta’minlashimiz lozim. Ushbu sanksiyalarni hozirda G7 va YIdagi ittifoqchilarimiz, jumladan, Germaniya bilan ham kelishib olganmiz”, — deydi vazir.
AQSh prezidenti Jo Bayden 19-fevral kuni Rossiya yaqin kunlarda Ukrainaga, jumladan, Kiyevga hujum qilish uchun tayyorlanayotganini ma’lum qildi. Uning qayd etishicha, razvedka ma’lumotlari buni tasdiqlamoqda. Shu bilan birga, Bayden AQSh harbiylarini Ukrainaga yuborishga rejalashtirmayotganini aytgan.
Avvalroq Donbass Xalq Respublikasi odamlarning Rossiyaga evakuatsiya qilinishi haqida xabar bergandi. DXR rahbari Denis Pushilin birinchi navbatda ayollar, bolalar va keksa kishilar olib ketilishini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, evakuatsiya qilinganlar Rostov viloyatiga joylashtiriladi, u yerda odamlarga barcha zarur shart-sharoitlar yaratiladi. Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya maxsus xizmatlari Donetskdagi obyektlarni minalashtirmoqda.