Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » Exclusive Intervyu

Botir Qodirovning hali hech kimga aytmagan gaplari...

BOTIR QODIROV. QALBDA YaShIRIN GAPLAR...

-Ilk konsertingizni SIRKda bergansiz. Yarim yakkaxon desak to‘g‘riroq bo‘ladi. Mansurxon Nurmatov bilan. Keyin “Istiqlol”ga o‘tdingiz. Bu omadmi yo mehnatlar samarasi?
-Menimcha, unisi ham, bunisi ham. Bolalikdagi ahdim g‘alabasi bu, onam duosining ijobati bu. Katta sahnaga chiqib, yakkaxon konsert berish oson bo‘lmagan. Taqdir meni yaxshi odamlarga ro‘baro‘ qildi. Prodyuser, bastakorlar to‘g‘ri yo‘nalish bergan. U paytlarda yosh emasmizmi, jo‘shib ijod qilganmiz. Sahnada ham qaltirab, hayajon bilan kuylaganmiz. Bugun tushunyapmanki, o‘sha davrda to‘g‘ri qadam bosilgan. Yaxshi insonlar bilan boshlangan ijodim hosilini beryapti. Agar, ular meni repga yo‘naltirganida nima bo‘lardi? Bugun shogirdlarimga ham o‘rganganlarimni  tushuntirib kelmoqdaman.  
-Qo‘shiqlaringiz asosan ichki holatingizmi yo shou-biznes talabi?
-Hamma qo‘shiqlarni faqat ichki holatim bilan kuylasam,  bitta qolipga tushib qolaman.  Biz xonandalar xalq dardi, ularning kechinmalaridan uzoqlashmasligimiz darkor. Ba’zi qo‘shiqlarimda shou-biznes talabini ham inobatga olaman. Me’yor doirasida. O‘zimga yarashadigan tarzda. Zamondan ortda qolmaslikka harakat qilaman.
-Sa’dulla Abdullaev tashkil etgan yakkaxon konsertlaringiz el og‘ziga tushdi. Rejissyor ishidan ko‘ra ko‘proq, qo‘shiqlaringiz e’tiborni tortdi. Bu yil boshqa tashkilotchi, boshqa rejissyor...
-2009-2012 yilgacha bo‘lgan tanafusimdan so‘ng 2012 yilgi konsertimga juda katta yordam ko‘rsatgan inson - Sa’dulla akadir. Minnatdorman. Yaxshiliklarini to‘liq qaytara oldim deb ayta olmayman. Bu yildan e’tiboran yangi prodyuser va ijodiy guruh bilan shartnoma tuzdim. Barcha amaliy ishlarni ularga ishonib topshirdim. Ular bilan maslahatlashib, ish tutyapmiz. Raqs guruhlari, dekoratsiya, hatto qaysi sahna kiyimini kiyishimgacha ularning fikri va fantaziyasiga havola. Bir-birimizga mehrimiz bor. Bir tanu bir jon bo‘lib ishni boshlaganmiz. Vaqtlar o‘tadi, o‘zgarishlar bo‘ladi. Hayot qonuni bu. Tajriba oshgan sari yangilikka intilar ekansiz. Muxlislarimga yangi ko‘rinishdagi ijodimni tuhfa etmoqchiman.  Ertaga boshqa tong otadi, boshqa fikr bilan uyg‘onasiz. Rivojlanish, yangilanish bo‘lsa, buning nimasi yomon? Sharoitlarimiz kun sayin yaxshilanmoqda. San’atda yangilik sari intilish kerak.
-Uch kun e’lon qilgan konsertingiz soni kutilmaganda yana uchtaga ortdi. Sizdagi ishtiyoq va mas’uliyat-chi?
-Prodyuserimga talabim yangi konsertimni 5 kun taqdim etish edi. Biroq, u menga 3 kunni taklif etdi.  Omadni qarangki, bannerlar osilgan kundan to konsertimizgacha 40 kun qolganida 3 kunlik konsertga chiptalar tugadi. Shu bois, tushlik mahaliga ham yana 3 kun qo‘shdik.  Katta mas’uliyat bu! Bunaqasi mening ijodimda endi birinchi marotaba. Bunda ham bir xosiyat bor. Juda xursandman.
-Bugungi kun san’atkori qanday bo‘lishi kerak?
-Xalq dardiga sherik bo‘lishi kerak. Odamlarning yashash prinsiplari o‘zgaryapti. Saviya oshmoqda. Tinglovchiga xos va mos musiqiy asarlarni ijro etish kerak. Kiyinish madaniyatidan tortib so‘zlashish madaniyatigacha chuqur e’tiborda bo‘lib, ibratli san’atkor bo‘lishga intilish kerak.
-Otangiz haqida tez-tez eslab turasizmi?
-Meni hayotga keltirishga sababchi bo‘lgan insonlar haqiga har doim duodaman.
-Onangizning qaysi maslahati qulog‘ingiz oldida?
-Bolaligimdan yaxshi inson bo‘l deb tarbiya bergan. Yomonlik qilganga ham yaxshilik qilishni maslahat bergan.
-Gagarin fazoga chiqqan birinchi inson, Nyuton “Butun olam tortishish qonuni”ni kashf etgan,  Al-Xorazmiy ekvator chizig‘ining o‘lchamini aniqlagan birinchi olim, Stiv Jobs “aqlli” telefonlar “ota”si! Musiqada kashfiyotlar yaratgan, “birinchi” bo‘lgan qaysi insonlarga havas qilasiz?
- Aqlimni tanib, bilganlarimdan kelib chiqsam, hazrati Navoiydek ulug‘ shoirning g‘azallarini kuyga tushirib, mohirona ijro etganlar, mumtoz san’atimizni go‘zal shakllanishiga xizmat qilgan ustozlarga havas qilaman. Bu katta merosdir. Botir Zokirov o‘zbek estradasi rivojiga hissa qo‘shgan. Uning qo‘shiqlari hanuz ta’sir kuchini yo‘qotmay kelayotir.
-Siz san’atga nima qo‘sha oldingiz?
-(O‘ylanib). O‘z ovoz tembrim orqali 2005-yilda o‘zgacha yo‘nalishni boshlab berdim deb o‘ylayman.  Tengdoshlarim orasida ajraldim. Keyin shunaqa ovozli xonandalar ko‘paydi. Bugungi kunga kelib, mening uslubimda qo‘shiq kuylovchilardan bir nechtasi o‘z konsertlarini berayotgani quvonarli.
-Aka-ukangiz yo‘qligi hecham pand beradimi?
-Tug‘ishgan aka-ukam yo‘q bo‘lsa-da, qondoshlarim bor. Ko‘chada orttirgan, tug‘ishgandek bo‘lib ketgan yaqinlarim bor. Ular bobida taqdir ayamagan. Bolalikda o‘ksigan bo‘lishim mumkin. Biroq, hozir emas.
-Hayotingizni tubdan o‘zgarishiga sabab bo‘lgan voqea?
-Onam o‘tganidan keyin hayotga yanada jiddiy qaray boshladim. Hayot sen uchun hech nimani kafolatlamasligi va shunisi bilan omonatligini tushundim. Hayotda to‘g‘ri qadam bosish, yaxshi amallar bilan yaxshi nom qoldirish kerak. Yanada kuchli bo‘lish lozimligini angladim. Meni onam ham tashlab ketdi. Endi yolg‘izman. Samoga tikilib, kuch so‘rab, oyoqqa turib, oilam, farzandlarim oldidagi mas’uliyatni his qildim. Yaxshi narsani ko‘rsam, yanada yaxshi bo‘lishga intilaman. Havasim oshadi va yanada kuch “motor”im ishga tushadi. Olisda uch kundan ortiq yasholmasligimni xorijga chiqib, tushunib yetganman.
-Qaysi qo‘shig‘ingizni o‘zingiz ham sevib tinglaysiz?
-Yangi qo‘shiqlarimni studiyada yozib bo‘lgach, maza qilib, tinglab olaman. Keyin bu bilan band bo‘lsam, ijodim to‘xtab qolgandek bo‘ladi. O‘zimni ko‘p tanqid qilaman. Shuning uchun o‘z qo‘shiqlarimni ko‘p eshita olmayman.
-Nohaq tanqidlarga odatda qanday javob qaytarasiz? Odatdan tashqari-chi?
-Hech qanday javob qaytarmayman. Nohaq bo‘lsa ham, haq bo‘lsa ham. Nohaq tanqidchi aslida ahmoq odam bo‘ladi. Vaziyatni o‘rganish kerak. O‘zganing aybini gapirishlik aslida yaxshi ish emas. Yaxshiligini ko‘proq gapirsa, nur ustiga a’lo nur. Nohaq tanqid bilan olishishdan ko‘ra sukut saqlashni afzal bilaman. Xarakterim tezroq. Ba’zan javob qaytargim keladi. Lekin nimadir meni bosishga harakat qiladi. Agar yaqinim bo‘lsa, unga javob qaytaraman. Chunki, u tushuna oladi. Begonaga javob qaytarish befoyda.
-Feshnga hamnafas xonandalardan birisiz. Nimalarga ko‘proq e’tibor qaratasiz?
-Moda ekan deb nima bo‘lsa, kiyib ketavermayman. Rang tanlamayman. Eksperiment qilishni yaxshi ko‘raman. Yarim klassik, yarim sport uslubni uyg‘unlashtirishga harakat qilaman. “Zara” kiyimlari menga tushadi. Didimga mos. Iloji boricha “limited edishn” kiyimlarni tanlayman. Dizayni original bo‘ladi.
-Ozodbek “Ona” qo‘shig‘ingizni tinglab, ho‘piqib yig‘laganiga guvoh bo‘lganmiz. Uning qaysi qo‘shig‘i sizni shunday to‘lqinlantirgan?
-Yaqinda uyda tinglab qoldim. Erta tong uyg‘onib, uyimdagi studiyada kompyuterni yoqdim. Ozodbek akani hurmat qilaman. Shu bois uning “minusovka”larining arxivi bor. Qo‘shiq aytgim kelsa, Ozodbek akaning qo‘shiqlarini xirgoyi qilib turaman. “Orangizda onam bo‘lsaydi” qo‘shig‘ining musiqasini tingladim. So‘zlarini eshitmasdan, musiqasi yig‘latdi. To‘lib-to‘lib yig‘ladim. Musiqa tugagunicha yig‘ladim. Ko‘nglim juda bo‘sh. Onamni yo‘qotib, yig‘loqi bo‘lib qolganman.  
-Sevimli kino qahramoningiz?
-Kino ko‘rmayman.
-Kamsitilgan paytlarda qandaydir ahd paydo bo‘lganmi?
-Bolaligimda ko‘p bo‘lgan. Hali men katta bo‘lib, albatta shu kamsitganlarga qanaqa insonligimni, oilam qanaqa ekanligini ko‘rsatib qo‘yaman degan ahd bo‘lardi. Hali mening oilamni kamsitganlar bu oila bilan bir dasturxonda birga non yeyishga intiladi. Onam teatrda ishlardi. Eri yo‘q ayollarga nisbatan nohaq munosabatlarni ko‘rganimda, boshimda otam bo‘lganida yo men ham katta yoshda bo‘lganimda, shunday sovuq munosabat ham bo‘lmasdi derdim. Shu oilaning erkagi bo‘laman va kamsitilishlarga barham beraman deganman. Va bu ishlar bo‘ldi ham!
-Masofa ushlaydigan insonlaringiz bormi?
-Bor. Insonning o‘zi bilan o‘zi o‘rtasida masofa bo‘lmaydi, xolos. Munosabatga yarasha masofa ushlashga harakat qilaman. Yaqin bo‘la turib, uzoqlashsa, uzoqlashaman... Birovga yopishib oladigan xarakterim yo‘q.
-Utopik savol: ertalab uyg‘onganingizda, Ozodbekka aylanib qoldingiz...?
-Ozodbekka oson deb o‘ylaysizlar, a?! (Kuladi).  Oldinlari mashhur bo‘lsam, hammasiga oson erishaman derdim. Mashhur bo‘lgach, endi yo‘qotib qo‘ymaslik haqida o‘ylay boshlarkansiz va buning naqadar qiyin ekanligini bilsangiz edi!?  Qancha mashhur bo‘lsang,  mas’uliyati shuncha katta bo‘ladi. Hozirgi darajam - toqatim yetadigan darajamdir. “Lola-a-a-a-a”... (kuylay ketdi). Utopiya reallikka aylansa, 2016 yilgi konsertimga repertuar yig‘ishni boshlayman. Erishganimdan ko‘ra yanada yaxshirog‘iga erishishni o‘ylardim. Katta arenalarda konsertlar berishni ham.
-Shu kunlarda onangizni uchratib qoldingiz deylik. Unga qaysi xabarni eng oldin yetkazgan bo‘lardingiz?
-“Ona, meni boshqa tashlab ketmang” degan bo‘lardim... Buni xoh xabar, xoh iltijo deb tushuning!
-San’at ahlida atayin yo sezdirmagan holda paydo bo‘ladigan kibr siz uchun nima?
-Kibr – insonga xos emas. San’atkorni qaysidir holat majbur qilsa ham kibrlanmasligi kerak. Bu yaxshilikka olib kelmaydi. Muxlislar ham har xil bo‘ladi.  San’atkorlar gohida bir- birlariga kibrlanib qo‘yadigan bo‘lishgan. Nomini aytmayman. Ko‘zim tushib qoladi gohida. Shunda savol tug‘iladi, qanday qilib, bu qadar o‘zgarib qolish mumkin? Savolimga javob izlay boshlayman.  Shaxsan mening hamksblarim bilan ishim yo‘q. Birontasiga yomonligim yo‘q. Tanib turib ko‘rishishmasa, men ham ko‘rishmayman . Har qanday vaziyatda ham do‘stona bo‘lish kerak deb o‘ylayman. Bir biri bilan olishgan ayrim san’atkorlar muxlislarga kulgu bo‘lib qolyapti. Aslida talashadigan narsaning o‘zi yo‘q.
-Hamma yulduzlar ijtimoiy tarmoqlarda. Nega siz yo‘qsiz?
-Internetdan foydali narsalarni olaman. Ijtimoiy tarmoqlarda muhokama bo‘lishni xohlamayman. Izoh beradigan odamlarni bilmaymiz-ku, axir?! Saviyali inson bor, saviyasizi bor. San’atkorga bahoni suratiga qarab emas, qo‘shiqlariga qarab beraverishsin!  To‘g‘ri, ijtimoiy tarmoqlarda surat qo‘yish yaxshigina reklamadir. Lekin shaxsan mening bunga ehtiyojim yo‘q. Sirli bo‘lishni yaxshi ko‘raman. Aslida esa elga shunisi qiziq.  
-Hanuz sizga sevgi izhor qiladigan ayollar bor ekan. Ularga qanday javob berasiz?
-Qo‘pol javob qaytarishga haqqim yo‘q. Kulib qo‘yaman. Rahmat aytaman.
-“Sevaman” so‘zini bir kunda necha marta ishlatishingiz mumkin?
-Bir marta.
-Atigi bir marta-ya?
-Bu juda kuchli so‘z. Bir martasi yetarli. Tilda “sevaman” deb 100 marta aytgandan ko‘ra, amalda isbotlash kerak.
-O‘g‘lingiz san’atingizga muxlismi yo Shoxruxxonni ko‘proq tinglaydi?
-O‘g‘illarim o‘zimga o‘xshaydi. Hammani eshitishadi. Konsertim diski chiqqan paytlarda hatto qo‘shiqlarimni yodlab olishgan. Aniq kimlarni tinglashiga  ko‘p e’tibor bermayman.
-Jahongir Otajonov el ichida “Jonli ijro qiroli” ta’rifini qozondi. Ozodbek ham bir necha kunlab konsertlarini jonli ijroda o‘tkazganini iddao qiladi. Sizningcha, jonli ijro mezonlari qanday va uning haqiqiy ustalari deb kimlarni bilasiz?
-Jonli ijroda har xil konsert berish bor. Bu esa xonandaning o‘z qaroriga bog‘liq jarayon. Jahongir Otajonovning 2013 yilgi konsertida tomoshabin bo‘lganman. Mukammal ijro, professional saunddan yayraganman. Ibrohim Totlisasning Toshkentdagi konsertida ham zavqlanganman. Ozodbek akaning jonli konsertini Dubaydagi sayohatim davomida “yutub”da tomosha qilganman. Mening jonli ijroda talablarim boshqacha. Qachonki,  sozandalar, texnika va repertuar talabim darajasida bo‘lsagina jonli konsert beraman. Saroydagi ovoz sozlovchi texnika kaminani umuman qoniqtirmaydi. Bir ishni ko‘r-ko‘rona qilishni istamayman.  
-Xobbingiz nima?
-Sayohat qilishni yaxshi ko‘raman.
-O‘zingiz nima deb o‘ylaysiz, el shaxsiyatingizdagi  qaysi qirralar uchun sizni ko‘proq hurmat qiladi?
-Aksariyat fikrlar ovozimdagi salobat haqida boradi. Balki, og‘ir-bosiqligim yoqar?! “Xalqning farzandiman” degan hisning o‘zimda borligini qalblar his qilgani uchun ham yaqindirman, balki?!  Otam ham, onam ham shu el degan munosabat ila odamlar tomon intilaman.  Shu Vatandagi har bir inson men uchun qadrli.
-Respublikamizning qaysi hududlarida sizni tanishmaydi?
-Men bormagan joy Qoraqalpog‘iston qoldi. Xorazmga ham juda kam boramiz. Demak, shu joylarda u qadar  tanishmasa kerak.
-Do‘st sifatida Asilbek yo Sardor Mamadaliev yaqinroq?
-Asilbek yaqin. Bitta shaharda tug‘ilganmiz. Bitta kvartalda yashaganmiz. Uni bolaligidan bilaman. Ukaxon menga.
-Andijonda boshlangan ijodingiz poytaxtdagi yirik shou-biznes qozonida qaynamoqda. Nimalarni o‘rgandingiz?
-Musofir bo‘lmaguncha, musulmon bo‘lolmaysan. Toshkentga kelib, ko‘p narsani tushundim. Qadr- qimmat, oq-qorani ajratish, mustaqil hayotda yashash, o‘zimni topishim... Poytaxtda oyoqqa turdim. Katta raqobatni ko‘rdim. Shou-biznesning o‘zi nimaligini tushundim.  Shou-biznesda ham tovlamachilar, qalloblar borligini bildim. Katta o‘yinlar borligini angladim.  Biznes uchun kimlardandir kimlar foydalanishini ko‘rdim. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar inson yaxshi bo‘lsa, amali yaxshi, maqsadi toza bo‘lsa, kasbini, o‘zini hurmat qilsa, u hech qachon muammoga duch kelmas ekan. Shunga amin bo‘ldim.
-So‘nggi paytda qaysi muzeyga bordingiz?
-Sankt-Peterburgdagi “Ermitaj” muzeyi. Biroq, yarmigacha sabrim yetdi. Dubaydagi gullar parkiga bordim. Buxoroda Amir Olimxon bilan bog‘liq me’moriy obidalarni ko‘zdan kechirdim.
-Necha marta sevib qolgansiz?
-(Kuladi). 5 marta!
-Boshingizda do‘ppi, kapalaksimon bo‘yinbog‘. Yangi imijingiz shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Buni qanday izohlaysiz?
-Bu juda oddiy. Prodyuserlar talabi. Milliylik va zamonaviylik uyg‘unlashgan art-ishidir! Bu g‘oya menga boshida yoqmadi. Chunki, menga do‘ppi yarashmasligi haqida o‘yladim. Lekin tayyor bo‘lgan suratlarni ko‘rgach, prodyuserim adashmaganligiga ishonch hosil qildim. Men hech kimga tosh otmadim, kimgadir nimanidir isbot etish xayoli ham  bo‘lmadi.  Bu esa turli mish-mishlarga aniq aytadigan javobim!
-Yaqinda bir xalq shoiri qo‘shiqlaringiz matnini tanqid ostiga oldi. Unga nima degan bo‘lardingiz?
-Jim turaman. Chunki, shoir she’rga nisbatan fikr bildirishga haqli. 
-Deylik, 100 milliard so‘mingiz bor. Uni nimaga sarflagan bo‘lardingiz?
-Uch qismga bo‘lardim. Bir qismini o‘z zaruratlarimga. Ikkinchi va uchinchi qismini biznesga tikardim. Va uning foydasini xayriya ishlariga sarflardim. Yana yirik kompaniyalar ochardim.
-Kimning maslahatlariga ko‘proq quloq tutasiz?
-Mendan aqlliroq, tajribali, rostgo‘y, samimiy insonlarning. Mening hozirgi ikki prodyuserim shunday.
-Eng yaxshi ustoz – insonning eng so‘nggi xatosi deyishadi...
-Xatoni ko‘p qilish va qilmaslik vaziyati ham bor. Xatoni bilib yo bilmasdan qilish mumkin. Eng yaxshi ustoz insonning qalbi, menimcha. Chunki,  qarorni u beradi.
-Umringiz oxirigacha qanday san’atkor bo‘lib qolishni istaysiz?
-Xalqimizning eng sevimli san’atkori bo‘lib qolishni!
Jasur HAMROYEV 
 
TANLANG:
-Shahzoda yo Lola?
-Munisa.
-Jaloliddin Rumiy yo Deyl Karnegi?
-Deyl Karnegi.
-“Gladiator”  yo “Titanik”?
-“Titanik”.
-Jaz yoki rok-n-roll?
-Jaz.
-Sushi yo manti?
-Sushi.
-Qahva ichib yomg‘irni kuzatish yo avtomashinada yolg‘iz “Jim turing”ni tinglash?
-Qahva ichib yomg‘irni kuzatish. Chunki, yomg‘irlar tugamaydi. Toki osmon bor ekan, yomg‘ir tugamaydi!
-Sherali Jo‘raevning “O‘zbegim”i yo Yulduz Usmonovaning “Hech kimga bermaymiz seni O‘zbekiston”i?
-(Uzoq o‘ylanib). Faqat bittasini tanlay olmayman. Ikkalasi ham. Bu san’atkorlar ijodini muhokama qilishga, haqim yo‘q. Men hali butun bir xalq turib, jo‘r bo‘la oladigan musiqiy asar yarata olganim yo‘q. “O‘zbegim”, “Hech kimga bermaymiz seni O‘zbekiston” kabi qo‘shiqlarni hali aytolganim yo‘q!
 ****
BOTIR HAQIDA BOTIR FIKRLAR...
Abror Po‘latov, xonandaning prodyuseri:
-Shunday insonlar borki, ular haqida ikki og‘iz gapirish mumkin. Botir Qodirov haqida esa uzoq fikr bildirishim mumkin. Hamkorlik qilayotganimdan xursandman. Uning samimiyligini his qilib turaman. Yanvar oyidan beri ijodiy hamkorlikni rasman yo‘lga qo‘ygan bo‘lsak-da, go‘yo bir umrlik aka-ukalardekmiz. 5-10 yildan keyin nima bo‘lishini bilmayman. Biroq, hozirgi hamkorligimiz har tomonlama samarali kechishidan umidvorman.
Ahad Qayum, shoir:
-Botir aka ilk she’rimni qo‘shiq qilgan san’atkor. She’r so‘zlariga juda e’tiborli. Nima haqida kuylashni juda yaxshi biladi. Tinglovchi qalbi nelar his etayotganini anglaydi. “Ey, do‘stim” qo‘shig‘ini tinglab, uning mohirona ijrosiga yanada tan berdim!
Hilola Hamidova, xonanda:
-Botir bilan birga Andijonda o‘qiganmiz. U yoshligida juda sho‘x, shumtaka bo‘lgan. Biroq, yillar o‘tgan sayin uni hayot ko‘p sinovlar chig‘irig‘idan o‘tkazib, jiddiy, og‘ir-bosiq qilib tarbiyaladi. Betakror ijodi bilan el mehrini qozondi. “Aldamadim” qo‘shig‘ini sevib tinglayman.
Sardor Mamadaliev, xonanda:
-Botir aka bilan hayotda aka-ukamiz. Ijodini hurmat qilaman. O‘zbegimning butun san’atkorlaridan biri! “Adashdim” taronasi kaminaga juda manzur.
Farxod Saidov, “Sarbon” guruhi yakkaxoni:
-Botir qo‘shiqlarni chertib-chertib, ijro etadi. So‘z ma’nosiga juda e’tiborli. Oxirgi kuylagan 2 ta yangi qo‘shig‘i o‘ziga juda yarashgan. Ustoz yaratgan maktabning munosib davomchisi desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
Dildora Niyozova, xonanda:
-Bu hamkasbimni juda hurmat qilaman. Ko‘ngli toza, odamgarchilikni biladi. Ovozi dardli. Yurakka yetib boradi. Ota-ona qadri haqidagi qo‘shig‘ini bir necha marotaba tingladim. Ijodi shunday bardavom bo‘lsin!
Shahzoda Muhamedova, aktrisa:
-Botir Qodirovni ko‘p konsertlarda e’lon qilganman. Tomoshabinlar uning ijrosini zavq bilan tinglaganlariga guvoh bo‘lganman. Bu xonandaning ko‘p qo‘shig‘i menga yoqadi. Mashina boshqarganimda, “Jim turing”ni jim turib tinglayman.
Zokir Ochildiev, kulgu ustasi:
-Botirni taqdir mukofotlagan ovozi bor. Shundanmi, u o‘zbek san’atida o‘z o‘rnini topa oldi. Bu san’atkorning ijodini oilam yoqtiradi. O‘g‘lim uning san’atiga muxlis. Faqat omad tilayman!
Shuhrat Qayumov, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist:
-Judayam yaxshi kuychi. Botirga fonogrammaning hojati yo‘q. “Ey, dil” taronasini eng ko‘p tinglagan men bo‘lsam kerak! Botirdan bu qo‘shiqni kuylash uchun rasman ruxsat olmoqchiman. “Tarannum” ko‘rsatuvining kelgusi sonlarida uni maxsus mehmon sifatida taklif etishni rejalashtirganman.


Категория: Exclusive Intervyu
Просмотров: 11645 | Комментарии: 1 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Botir Qodirov
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 1
Don9498 Botir Qodirov ijodini hurmat qilaman. Keljusi ijodlari omad yor b6lsin
Like | 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 09:24
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное