Botir Qodirov va raqqosa Parizoda Xitoyga jo‘nab ketdi
Xitoy poytaxti Pekinda 1 oktyabrdan Xalqaro turizm festivali ochildi. O‘n sakkizinchi bor tashkil etilgan festivalda O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
Bu haqda xonanda Botir Qodirovning prodyuseri Abror Po‘latov “Daryo”gama’lum qildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibidan xonanda Botir Qodirov, «Sirdaryo navolari» raqs dastasi va taniqli raqqosa Parizodadan iborat ansambl ham o‘rin olgan.
«Pekin xalqaro festivalida 24 mamlakatdan 200 dan ziyod san’atkorlar qatnashmoqda. O‘rta Osiyodan faqat O‘zbekiston san’atkorlari taklif etilgan», — deydi Botir Qodirovning prodyuseri.
Festivalning ochilish marosimi Pekindagi Xalqaro olimpiya maydonida bo‘lib o‘tgan. Unda shahar rasmiylari, mehmonlar, shuningdek, O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi xodimlari ham qatnashgan.
«Botir Qodirov boshchiligidagi ijodiy guruh Xitoy san’atkorlaridan keyin birinchi bo‘lib sahnaga chiqdi. Ochilish marosimi musiqiy paradga ulanib ketdi. Festival mehmonlari milliy san’atimizdan bahramand bo‘lib, san’atkorlarimizni olqishlamoqda», — deya qo‘shimcha qildi Abror Po‘latov.