O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 19 iyuldagi "Maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida"gi 528-sonli qarori chop etildi. Maktabgacha ta’lim muassasasi (MTM) faoliyatiga doir qoidalar“Norma.uz” saytida e’lon qilindi.
Hujjat bilan maktabgacha ta’limga taalluqli bo‘lgan 4 ta nizom tasdiqlandi.
MTM maqsadlari quyidagilardan iborat:
bolalarni har tomonlama intellektual, ahloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirish;
bolalarni ta’lim va tarbiya orqali maktabga sifatli tayyorlash;
bolalarni maktabgacha ta’limga jalb qilish.
Davlat maktabgacha ta’lim muassasasida besh kunlik ish haftasi uchun, qoida tariqasida, quyidagi ish tartibi joriy etiladi:
12 soatli;
10,5 soatli;
9 soatli;
4 soatli.
Davlat maktabgacha ta’lim muassasasiga 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar qabul qilinadi (avval bu ko‘rsatkich 2-6 yoshni tashkil qilgan, alohida holatlarda 7 yoshgacha qatnashga ruxsat berilgan).
Bolalarni MTMlarga qabul qilish uchun qabul komissiyalari tuziladi. Ushbu komissiyalar 5 nafar kishidan iborat bo‘ladi.
qabul komissiyasi raisi — xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo‘limi mudiri;
qabul komissiyasi a’zolari — davlat maktabgacha ta’lim muassasasi mudiri, metodisti va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi vakili.
qabul komissiyasi kotibi — xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo‘limining maktabgacha ta’limi bo‘limi mutaxassisi.
Davlat MTMlariga yo‘llanma olish uchun ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar (keyingi o‘rinlarda ota-onalar deb ataladi) tomonidan qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
davlat maktabgacha ta’lim muassasasiga qabul qilish bo‘yicha yo‘llanma berish to‘g‘risida ariza;
bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasining nusxasi;
bolaning otasi yoki onasining pasport nusxasi;
yashash joyidan ma’lumotnoma;
ota-onasining ish joyidan ma’lumotnoma (agar ishlasa).
Taqdim etilgan hujjatlar qabul komissiyasi tomonidan yetti kun muddatda ko‘rib chiqilib, quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
bolani ota-onalar tomonidan yozilgan arizada ko‘rsatilgan davlat maktabgacha ta’lim muassasasiga qabul qilish uchun yo‘llanma berish to‘g‘risida;
ota-onalar tomonidan yozilgan arizada ko‘rsatilgan davlat maktabgacha ta’lim muassasasida bo‘sh o‘rin bo‘lmagan hollarda topshirilgan hujjatlarni navbatga qo‘yish to‘g‘risida;
ota-onalar tomonidan yozilgan arizada ko‘rsatilgan davlat maktabgacha ta’lim muassasasida bo‘sh o‘rin bo‘lmagan hollarda, ota-onalarning xohishiga ko‘ra tegishli hududdagi bo‘sh o‘rin (joy) mavjud bo‘lgan boshqa davlat maktabgacha ta’lim muassasasiga yo‘llanma berish to‘g‘risida.
Qabul komissiyasining qarori haqida uch kun muddatda ariza beruvchilarga ma’lum qilinadi.